Narx-Franko

Narx-Franko — tovarni xaridorga tashib yetkazib berish sarflarini ham o’z ichiga olgan ulgurji narx. U odatdagi narxdan transport sarflarining kiritilganligi bilan farqlanadi. Tovarni sotuvchi tashib yetkazish manzili — temir yo’l stansiyasi, kemalar porti, ombor yoki davlat chegarasi bo’lishi mumkin. Manzilning uzoq-yaqinligiga, tovarning ortib-tushirib berilishiga qarab Narx-Franko har xil bo’ladi. Narx-Franko xaridor uchun qulay bo’lib, transportni tashkil etish muammolaridan ozod qiladi. Xalqaro savdoda Narx-Frankoning sif, Fas, FOB singari tijorat shartlari bor. Sif (inglizcha Cost, Issurance, Freight — qiymat, sug’urta, fraxt) — tovarning sotilish narxiga tovar qiymati, sug’urta va manzilgacha transport xarajatlari ham kiradi; fas (Free Alongside Ship — kema bo’ylab erkin) — sotuvchi o’z tovari uchun kema yollaydi, tovarini kemagacha o’zi hisobidan etkazib va ortib beradi; FOB (Free on Board — kemada erkin) — kemani xaridor yollaydi, sotuvchi o’z tovari uchun kemaga yuklash davriga qadar javobgar bo’lib, tovar narxi bevosita tovar qiymati va uni yuklashgacha bo’lgan xarajatlardan tashkil topadi.