Nuakshot

Nuakshot — Mavritaniya poytaxti. Mamlakatning iqtisodiy va madaniy markazi. Atlantika okeani sohilida. Iqlimi tropik cho’l iqlimi. Yanvarda o’rtacha temperatura 21°, iyulda 28°. Yillik yog’in 150 mm. Aholisi 667 ming kishi (1999), asli barbar arablaridan kelib chiqqan mavrlar. Nuakshot 17-asrda portugal mustamlakachilarning harbiy qal’asi yonida vujudga kelgan. Keyinroq frantsuzlarning mavritaniyani bosib olishda asosiy tayanch bazalaridan bo’ldi. 1950 yilda Senegal daryosining kuchli toshqinidan Nuakshot butunlay vayron bo’lgan. 1957 yilda undan 1 kilometr shimolroqda shu nomda yangi shahar bunyod etildi. 1958 yilda mamlakat poytaxti Sen-Luidan (Senegal) Nuakshotga ko’chirildi. Nuakshot — dengiz porti. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Sanoati oziq-ovqat, yog’ochsozlik, metallsozlik, kichikroq kemalar quruvchi verflar, ishqor fabrikasi, bosmaxona, dengiz suvini chuchituvchi qurilma, mayda hunarmandchilik korxonalari va ustaxonalaridan iborat. Universitet, Milliy kutubxona, issiqlik elektr stansiyasi bor. Me’moriy binolardan Prezident saroyi, Adliya saroyi, Milliy Majlis binolari qurilgan.