Nosir

Nosir — abbosiylardan bo’lgan xalifa (1180-1225). Nosir davrida xalifalik bilan Saljuqiylar, Xorazmshohlar o’rtasidagi ziddiyat yanada avj oldi. Saljuqiy sultonlar Bag’dodda xutba o’qilayotgan vaqtda ularning ham nomi qo’shib o’qilishi lozimligini xalifalikdan kat’iy talab qilganlar. Nosir buni qat’iyan rad etgan. Xorazmshoh Takash 1194 yil saljuqiylarni yenggach, ushbu talabni qo’ygan. Uning o’g’li Muhammad Xorazmshoh ham otasi izidan borgan va 1217 yil qurol kuchi bilan Bag’dodni olishga harakat etgan, birok, yurish muvaffaqiyatsiz tugagan. Jaloliddin Manguberdi ham Nosirga qarshi bo’lgan. Xalifa Nosirning xalq orasida obro’i past edi. Xalifa sultonlardan o’zinigina emas, balki vazirini ham izzat-ikrom qilishlarini talab etgan. Nosir Musulmon olamida xususiy yer mulki yo’q, chunki barcha yerlar “amiral mo’minin” (xalifa)ga tegishli deb e’lon qilgan. Nosir o’z raqiblari bilan kurashda har qanday vositadan qaytmagan, uning ayg’oqchilari hamma yerda izg’ib yurishardi, o’zi esa kechalari kiyimini o’zgartirib Bag’dodni kezardi. U davlat xazinasi uchun yangidan-yangi soliqlar, to’lovlar o’ylab topishga mohir edi.