Navoiy “elektrkimyo zavodi” aktsiyadorlik jamiyati
Navoiy “elektrkimyo zavodi” aktsiyadorlik jamiyati – O’zbekistondagi eng yirik kimyo kombinatlaridan biri. “O’zkimyosanoat” davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. O’simliklarni himoya qilish kimyoviy vositalari (gerbitsidlar, insektoakaritsidlar, zoosidlar, o’sishni boshqaruvchi moddalar), atsetilen qurumi, aktivlashtirilgan ko’mir, oddiy superfosfat, sirka kislotasi, A, V markali etilasetat, metil-atsetat, suyuq shisha, xalq iste’mol mollari — osh tuzi, yodlangan osh tuzi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Korxona 1971 yil Navoiy kimyo kombinati tarkibidan Navoiy elektr-kimyo kombinati direktsiyasi sifatida ajralib chiqdi. 1972 yil korxonani kengaytirish uchun Navoiy tumanida 935 gektar yer ajratildi va uning 1 – navbatini loyihalashtirish ishlari boshlandi. Dastlab xlororganik moddalar ishlab chiqarishga mo’ljalangan. 1976 yildan korxona o’simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashdi. 1976-80 yilda uning birinchi navbati qurildi. 1980 yilda birinchi mahsulot — kotoroy gerbitsidi ishlab chiqarildi. Kombinat 1981 yildan Navoiy “Elektrokimyo zavodi” deb nomlandi, 1994 yildan yopiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati, 1996 yildan Navoiy “elektrkimyozavodi” aktsiyadorlik jamiyati — O’zbekiston-Panama qo’shma korxonasi. Ta’sischisi: O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo’mitasi. Korxona respublikadagi o’simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy vositalarni tayyorlovchi yagona korxonadir. Korxona faoliyati O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jaligining kimyoviy vositalarga bo’lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan. 1996 yil dekabr oyida Frantsiyaning “Speyshim” firmasi bilan hamkorlikda yillik quvvati 10 ming tonna bo’lgan fozalon ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi, mevali ekinlardagi o’simlik biti, kana, Kolorado ko’ng’izi va boshqa zararkunandalarni yo’qotishda qo’llaniladigan fozalon insektoakaridtsidini ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. 2000-2002 yil davomida chetdan olib kelingan xom ashyolardan 30 turdagi o’simliklarni himoya qiluvchi kimyo vositalari ishlab chiqarildi. Korxona ko’p yillardan buyon Shveytsariyaning “Singenta”, “Dalston”, Germaniyaning “Lurgi”, Yaponiyaning “Sumitomo”, Xitoyning Xunan eksport-import korporasiyasi, “Delyan”, Buyuk Britaniyaning “DAU Agrosains” firma va kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Rixsivoy Yoqubov.