Nankin

Nankin (xitoycha Nantszin — Janubiy poytaxt) — Xitoyning Sharqiy qismidagi shahar. Szyansu provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 5,3 million kishi (1998). Yantszi daryosi quyi oqimidagi muhim transport yo’llari tuguni. Aeroport bor. Dengiz kemalari kira oladigan port. Mamlakatning yirik iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazlaridan. Stanoksozlik, elektr va radio apparaturalari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik va qishloq xo’jalik mashinasozligi, metallurgiya, kimyo, tsement, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari, issiklik elektr stansiyasi mavjud. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Hunarmandchilik rivojlangan. Nankinda Xitoy Fanlar Akademiyasining filiali, tuproqshunoslik va geografiya institutlari, universitet va boshqa oliy o’quv yurtlari, kutubxona, muzeylar, botanika va hayvonot bog’lari, rasadxona bor. Nankinga miloddan avvalgi 472 yilda asos solingan. Turli davrlarda shahar nomi har xil atalgan. 1368-1421 yillarda mamlakat poytaxti. 1421 — 1911 yillarda Szyan-Nan noyibligining markazi. 1853-64 yillarda taypinlar davlati poytaxti. 1911 — 12 yillarda Sun Yatsen boshliq Xitoy Respublikasi hukumatining qarorgohi. 1912 yildan Szyansu provinitsiyasining ma’muriy markazi. Ma’muriy va tarixiy yodgorliklardan “imperator shahri” (14-15-asrlar), shahar devori (uzunligi 34 kilometr), ibodatxonalar, maqbaralar saqlangan.