Nil
Nil (hozirgi misrliklar tilida — Al-Bahr; lotincha Nilus, Yunoncha Ntilos) — Afrikadagi daryo, Ruanda, Tanzaniya, Uganda, Sudan, Misr hududlaridan oqadi. Dunyoda eng uzun, uzunligi 6671 kilometr, havzasining maydoni 2870 ming km2. Daryoning bosh irmog’i Sharqiy Afrikadagi Virunga tog’laridan Katera nomi bilan boshlanib, Viktoriya ko’liga kelib quyiladi. Daryo mazkur ko’ldan Viktoriya-Nil nomi bilan oqib chiqadi. So’ng Koga va Albert ko’llaridan o’tgach, dastlab Albert-Nil, so’ngra Bahr ul-Jabal deb ataladi. Yassitog’ chegarasida ko’plab Ostona va sharsharalar (Merchison va boshqalar) hosil qilgan. Sudan tekisligida vodiysi botqoqlangan, bu qismida daryo juda sekin oqadi. Suvining katta qismi bug’lanishga sarf bo’ladi. Nil chapdan Bahr ul-g’azal va Bahr ul-Arab daryolari bilan qo’shilgach, oq Nil (Bahr ul-Ab’yaz) deb ataladi va Xartum shahrigacha chala cho’l va cho’l zonasidan oqadi. O’ngdan Asva, Sabat, Ko’k Nil (Bahr ul-azraq), Atbara kabi o’nlab irmoqlar qo’shilgan joydan Nil nomini olgan. Keyingi 3000 kilometrli masofada, ya’ni Nil O’rta dengizga quyilguncha unga bironta ham irmoq kelib qo’shilmaydi. O’rta dengizga maydoni 24 ming km2 ga teng Delta hosil qilib quyiladi. Deltasida katta va kichik juda ko’p tarmoqlarga bo’lingan ko’llar mavjud. Daryo suvining bir qismi Ibrohimiya kanali va Yusuf tarmog’i orqali Birkat-Karun ko’liga quyiladi. Nildan chikarilgan Ismoiliya kanali Suvaysh kanali sohilidagi aholi punktlarini, Mahmudiya kanali Iskandariya shahrini chuchuk suv bilan ta’minlaydi. Nilning suv rejimi mavsumlarga qarab keskin o’zgarib turadi. Asvon shahri yonida o’rtacha suv sarfi 2600 m3/sekund (maksimali 15000 m3/sekund, minimali 400-500 m3/sekund), quyilish joyida 2900 m3/sekund. Nilning ekvator qismidagi havzasida yoz va qish mavsumlarida, Misr va Sudanning Markaziy va shimoliy hududlarida yoz — kuz oylarida suvi ko’payadi. Daryoning quyi oqimida ayni jazirama yozda suv ko’payadi. To’linsuv davrining cho’qqisi sentabr oyiga to’g’ri keladi. O’rtacha yillik oqim 73,1 km3. Baland Asvon to’g’oni qurilgunga qadar daryo quyi oqimiga yiliga 62 million m3 loyqa keltirgan. Nil suvi oqimini tartibga solib turish maqsadida Asvon, Baland Asvon to’g’onlari, Asvon, Nag- Hammadi, ul-Fayyum, Ouen-Fols GESlari qurilgan. Daryoning quyilish joyidan Asvon to’g’onigacha va o’rta qismlarida kema qatnaydi. Nil va uning irmoqlarida kema qatnaydigan qismining jami uzunligi 32 ming kilometr. Nil suvi baliqqa boy. Daryo bo’yida Qohira, Iskandariya, Xartum va boshqa shaharlar joylashgan. Nil vodiysi sug’oriladigan dehqonchilik asosida yuzaga kelgan qadimgi tsivilizasiya markazlaridan biri bo’lgan. Ahmad AA- Fartniy boshchiligida Abbosiy xalifa al-Mutavakkilning buyrug’i bilan 861 yilda Nil suvining sathini o’lchaydigan inshoot qurilgan. Bu qurilma dastlab “Miqyosi jadid” (miqyos an-Nil), keyinchalik Nilometr deb atalgan va hozirga qadar Sayyolat ul-Rod mavzesi (Ravzo oroli) da saqlanib qolgan.