Nosirova Halima
Nosirova Halima (1913.7.12, Qo’qon yaqinidagi Tog’liq qishlog’i — 2003.3.1, Toshkent) — opera xonandasi (lirik-dramatik soprano), o’zbek xonandalik san’atining yirik namoyandasi. O’zbekiston xalq artisti (1937). Bokuteatr-texnikumi (1924-27), Moskva o’zbek opera studiyasi (1934-37)da ta’lim olgan. Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1977; 1977-82 yillarda Sharq musiqasi kafedrasida pedagog). Mumtoz opera hamda milliy sahna ijrochilik an’analarini N. Nejdanova, N. Golovanov, M. Uyg’ur, M. Muhamedov, T. Jalilov va boshqa ustozlardan o’zlashtirgan. Faoliyatini aktrisa sifatida 1927 yildan O’zbek davlat namuna sayyor truppasida boshlab, Mariya Antonovna (N. Gogol, “Revizor”), Malikai Turandot (K. Gossi, “Malikai Turandot”) kabi rollarni ijro etgan. 1929-39 yillarda O’zbek davlat musiqali teatri, 1939— 86 yillarda Navoiy teatrining yetakchi yakkaxon xonandasi. Noyob, o’ziga xos shirali va keng diapazonli ovoz, sahnaviy iste’dodga ega bo’lgan Nosirova “Halima” (G’. Zafariy), “Arshin mol olon” (U. Xojibekov), “Layli va Majnun” (Xurshid; T. Sodiqov musiqasi), “Farhod va Shirin” (Xurshid; V. Uspenskiy), “Gulsara” (K. Yashin va M. Muhamedov; R. Glier) kabi musiqali spektakllarda bosh rollarni ijro etib Shuhrat qozongan. Nosirovaning musiqali drama teatri sahnasida erishgan muvaffaqiyatlari o’zbek opera ijrochiligining yuzaga kelishiga turtki bo’ldi. 1938 yil O’zbek davlat musiqali teatrida saxnalashtirilgan E. Brusilovskiyning “er Targ’in” operasidagi Oqjunus obrazi Nosirovaning birinchi opera partiyasi edi. Nosirova ilk o’zbek operalari — “bo’ron” (G. Vasilenko va M. Ashrafiy, 1939)da Norgul, “Layli va Majnun” (T. Sodiqov va R. Glier, 1940)da Layli kabi bosh rollarni ijro etgan. Keyinchalik u “Ulug’bek” (A. Kozlovskiy, 1942) operasida Sin dun fan, “Karmen” (J. Vize, 1944, o’zbek tilida) da Karmen, “Tohir va Zuxra” (T. Jalilov va V. Brovsin, 1949)da Zuxra, “Gulsara” (R. Glier va T. Sodiqov, 1949)da Gulsara kabi obrazlar yaratdi. Gulsara partiyasida Nosirova milliy kuylash san’atini opera ijrochiligiga uzviy bog’lashga muvaffaq bo’ldi. Keyinchalik bu hol Nosirova yaratgan barcha rollar talqinining asosiy xususiyatiga aylandi. “Maysaraning ishi” (S. Yudakov)dagi bosh qahramon talqinida o’zbek opera sahnasidagi ilk hajviy obrazni yaratdi. Maysaraga xos lirik va komik holatlar ishonarli namoyon bo’ldi. Nosirovaning Zaynab (T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, D. Zokirov va B. Zeydman, “Zaynab va omon”), Saodat (S. Boboev, “Hamza”), Bahor (M. Yusupov, “Xorazm qo’shig’i”), Xadicha xola (Ya. Sabzanov, “qaytish”) obrazlari faoliyatining so’nggi yillari mahsulidir. Nosirovaning kontsert repertuaridan o’zbek mumtoz musiqa merosi namunalari katta o’rin olgan: “Ushshoq”, “Dugoh”, “Chorgoh”, “Samarqand ushshog’i”, “chapandozi Navo” kabi maqom yo’llari, “chaman ichra” va boshqalar. A. Kozlovskiy ovoz va simfonik orkestr uchun qayta ishlagan “O’zgancha”, “Gulyuz ichra”, “fig’on” va, ayniqsa, “Tanavor” ashulalarning lirik- dramatik jihati Nosirova ijrosida yanada teranlashdi. “Men o’zbek qiziman”, “Mehnat ahli” (F. Boruxova bilan birgalikda katta ashula yo’lida) va boshqalar zamonaviy ashulalarni, “O’zbek qizi ovozi” (M. Leviev), “xush kelibsiz” (Sayfi Jalil) singari kompozitorlarning qo’shiqlarini ko’tarinki ruxla tarannum etgan. Boshqa xalqlar (tojik, qozoq, arman, Ozarbayjon, Xitoy, rus, ukrain kabi) qo’shiqlari ham Nosirova repertuaridan o’rin olgan. Osiyo, Amerika va Yevropa mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. Davlat mukofotlari (1946,1951, 1968), Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (2000) bilan mukofotlangan. As: men o’zbek qiziman, T., 1968. Ad:Saidov A., Halima Nosirova, T., 1974; Xamidova M., Xalima Nasirova, T., 1995.