Nou-xau

Nou-xau (inglizcha know how — qandayligini bilaman), ishlab chiqarish siri — hali hammaga ma’lum bo’lmagan va keng tarqalmagan yangi ilmiy-texnikaviy, ishlab chiqarish-texnologik, boshqarish, moliyaviy-iqtisodiy, tijoratga oid bilimlar majmui va ularni amaliyotda qo’llash tajribalari; ularga tanho ega bo’lish. U korxona uchun ham, shaxs uchun ham muayyan ustunlikni ta’minlaydi. Nou-xau turli shakllarda: chizmalar, sxemalar, yo’riqnomalar, mahsulotlar namunalari, ishlab chiqarish texnologiyasi va uni tashkil etish, xodimlarni tayyorlash to’g’risidagi ma’lumotlar va boshqalar bo’lishi mumkin. Odatda, Nou-xauda patentlangan mahsulotga taalluqli ma’lumotlar emas, balki undan foydalanishni tashkil etish yoki uni ishlab chiqarish va o’zlashtirish xususiyatlariga doir maxsus axborot bo’ladi. Nou-xau maxfiyligi bilan ajralib turadi va tijorat siri oshkor etilmasligini talab etadi. Nou-xau patentlanmaydi, shuning uchun ham Nou-xau bo’yicha shartnomada berilayotgan ma’lumotlar sir saqlanishi va bu shart buzilgan taqdirda ko’riladigan zararni qoplash haqida alohida band bo’ladi. Muayyan ishlab chiqarish jarayonidagi Nou-xau u yoki bu firmaning mulki hisoblanadi va shu sababli oldi-sotdi qilinadi. Odatda, Nou-xau tovar sifatida patentlar va litsenziyalar bilan birgalikda sotiladi, lekin Nou-xau mustaqil sotilishi ham mumkin. Nou-xauni litsenziya bilan birga sotib olish (narxi arzon bo’ladi) ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishni, ishlab chiqarish sirlarini to’laroq qo’lga kiritishni, ishlab chiqarishni ishga tushirishda sotuvchi firma mutaxassislari ishtirokini osonlashtiradi.