Nodir-uzlat

Nodir-uzlat, mahjur, sharif (taxalluslari; ismi Muxammad Sharif) (1743 — hozirgi Kosonsoy tumani — ?, taxminan Qo’qon) — shoir va xattot. Kosonda o’qib, savod chiqargan, kotiblik qilgan. So’ng Qo’qonga kelgan va shu yerda yashab qolgan. Nodira uni o’z panohiga olib, saroyda xattot etib tayinlagan. Nodir-uzlat, turkiy va forsiyda ijod qilgan, g’azal, masnaviy, ruboiy, muvashshax, tarji’band, ta’rix, o’lan janrlarida 13 ming misradan ko’proq she’rlar hamda “Haft gulshan” dostonini (1824-25) yozgan. Lirikasi, asosan, ishqiy-falsafiy she’rlardan iborat. Xalq og’zaki ijodi bilan yozma adabiyot aloqalari uning o’lanlarida yorqin aks etgan. Devon tuzgan. “Haft gulshan” dostoni Nodiraga bag’ishlangan. Asar 5842 misra — qamd, na’t, chahor yor ta’rifi, shoir axvoli va dostonning yozilish sabablari bayoni (kirish) xamda 7 mustaqil she’riy hiko- yadan iborat. Asarda Malika Nodiraning mamlakat obodonchiligi va ilm-fan rivojiga qo’shgan hissasi, uning yuksak insoniy fazilatlari aks ettirilgan. Shuningdek, baxtli hayot va Odil shoh g’oyalari ilgari surilgan. Dostonda bosh mavzu — sevgi, sadoqat tasviri birinchi o’rinda turadi. “Haft gulshan” hamda Devonning qo’lyozma va toshbosma nusxalari Qo’qon adabiyot muzeyi (inv. № 1462, 88), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti (inv. №1801, 10114) fondida saqlanadi. As: Haft gulshan, T., 1961. Ad.: Qayumov A., Qo’qon adabiy muhiti, T., 1961; O’zbek adabiyoti tarixi. [5 j.li], 4-j., 1978; G’afurjonova T., Nodir va uning “Haft gulshan” dostoni, T., 1982.