Nikohni bekor qilish, ajralish
Nikohni bekor qilish, ajralish — er-xotinning tiriklik chog’ida nikohning buzilishi. O’zbekistonda OK ajralishning asosiga qarab, uni amalga oshirish tartibini belgilagan. Qonunchilikka ko’ra, nikohdan sudda va ma’muriy tartibda, ya’ni fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organida ajratiladi. Ajralish er- xotindan birining yoki har ikkisining bergan arizasiga kura amalga oshiriladi. Agar er-xotin alohida yashasa, da’vo javobgar er yoki xotin turgan joydagi sudda qo’zg’atiladi, turar joyi noma’lum bo’lsa, ariza javobgar oxirgi yashab turgan joydagi sudga topshiriladi. Ajralish ishlari ochiq sud Majlisida ko’riladi. Ajralish to’g’risidagi ish er-xotinning arizasiga muvofiq, zarur hollarda, sudning ajrimiga asosan yopiq sud majlisida ko’rilishi ham mumkin. Sud ishning ko’rilishini keyinga qoldirib, er-xotinga yarashish uchun 6 oyga muhlat tayinlashga hakli. Sud er-xotinni yarashtirish maqsadida, zarur hollarda, ajrim nusxalarini ular yashaydigan joydagi xotin-qizlar qo’mitalariga, o’zini o’zi boshqarish organi, mahalla oqsoqollari Kengashiga, ular huzuridagi yarashtirish komissiyalariga muhokama qilish va yarashtirish uchun yuborishi mumkin. Aniq holatlarni hisobga olgan holda sud, er-xotinning yoki ulardan birining arizasiga ko’ra, ularning yarashishi uchun berilgan muhlatni o’zgartirishga va bu muhlat o’tgunga qadar ishni ko’rishga hakli. Sudlar ajralishning haqiqiy sabablarini aniqlab, o’zining butun faoliyatini oilani saqlab qolishga va uni mustahkamlashga, onalik va bolalik manfaatlaryni himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko’rishi lozim. Quyidagi hollarda Nikohni bekor qilish sud tartibida ko’riladi: er-xotindan biri Nikohni bekor qilishga rozi bo’lmasa; o’rtada voyaga yetmagan umumiy bolalar bo’lib, ularni kimda qoldirish va ta’minoti uchun aliment undirish yuzasidan nizo bo’lsa, er-xotin o’rtasida mehnatga layoqatsiz, muhtoj er yoki xotinga aliment undirish va uning miqdori haqidagi masala tug’ilsa; birgalikda umumiy mulkni bo’lish bo’yicha nizo bo’lsa. Voyaga yetmagan bolalari bo’lmagan er- xotin Nikohni bekor qilishga o’zaro rozi bo’lsalar, ular nikohdan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organida ajratiladi. Shuningdek, agar er-xotindan biri: sud tomonidan bedarak yo’qolgan; ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo’lsa; sodir qilgan jinoyati uchun 3 yildan kam bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilingan bo’lsa, o’rtada voyaga yetmagan farzandlari borligidan qat’i nazar, er-xotindan birining arizasiga ko’ra, FHDYO organida nikoh bekor qilinadi.