Naqshbandiya
Naqshbandiya — tasavvuf tariqatlaridan biri. Bahouddin Naqshband asos solgan. Naqshbandiya xojagon tariqati negizida paydo bo’lib, Yusuf Hamadoniy, Abduxoliq G’ijduvoniy, Ahmad Yassaviy qarashlarini omuxta etdi, ularga yangi ruhberib rivojlantirdi. 15-18-asrlarda savdo va hunarmandchilik bilan shug’ullanadigan shahar aholisi hamda ko’chmanchi chorvador aholi orasiga keng yoyildi. Naqshbandiya ta’limotining asosida “ko’ngil Xudoda bo’lsin-u, qo’l ish bilan band bo’lsin” (“dil ba yoru, dast ba kor”) shiori yotadi. Naqshbandiyada piru muridlik qoidalari xiyla osonlashtirilgan, sirtdan turib e’tiqod qo’yish, imon mustahkamligi, Haq taologa sidqidildan itoat etish, ixlos va ma’naviy Kamolot asosiy o’rin egallaydi. Rasm-rusumlar, odatlarni ko’r-ko’rona ado etish, riyo, soxta dindorlik qoralanadi. Axloqiy poklik, qanoatli, sabrli bo’lish, ixtiyoriy faqirlik bilan Allohga intilish yuksak fazilat hisoblanadi. Naqshbandiyada odamning qadri mansabi, boyligi bilan emas, ma’naviy komilligi bilan o’lchanadi. Naqshbandiyada hunar, kasb egallab, o’z mehnati bilan halol luqma yeb yashash talab qilinadi, tilanchilik, darbadarlik bilan kun kechirish sufiy uchun isnod sanaladi. Qul, xizmatkor saqlash, o’zganing mehnatidan foydalanish ham man etiladi. Naqshbandiyaning yuqoridagi shiori tarkidunyochilikka, tekinxo’rlikka qarshi qaratilgan. Naqshbandiyada man-manlik, sufiy, shayxman deb kerilish, shovqin-suron ko’tarib zikru samo’ bilan odamlar diqqatini o’ziga qaratish qoralanadi. Naqshbandiyada asosiy talab — qalbni dunyo g’uborlaridan tozalash, o’z nafsi bilan kurashib ruxda charog’onlik topish, qalbda Alloh nomlarini naqshlab borish usullari ishlab chiqilgan. Zikri xufiya (yashirin zikr tushish) shunga xizmat qilgan. “Tashqaridan xalq bilan, ichkaridan Haq bilan bo’lish”, har bir nafasni Xudo yodi bilan chiqarish, qadamni savob ishlar, ezgu amallar sari qo’yish, yurt kezib, aziz-avliyolar qabrini ziyorat qilish, g’ofillarni hushyor etish, har qanday holatda qalb ogohligiga erishish — Naqshbandiyaning asosiy ma’naviy tarbiya usuli hisoblangan. Naqshbandiyada pir va murid orasidagi ma’naviy orifona suhbatga katta e’tibor qilingan. Naqshbandiyaga ko’ra, suhbat — anjuman ichra bo’lish, bilmaganni bilib olish, yuksalish, karomatlar siru asrori, ilohiyot olami nurlaridan baxramandlik bo’lsa, buning aksi — xilvat esa kishini bilimdan, ma’rifatdan mahrum qiladi. Naqshbandiyada o’zini o’zi nazorat qilib borish, olgan bilimlarini dilda mustahkamlash, umrning har bir damini savob ishga, har bir nafsni ma’naviy Kamolot uchun sarflash lozim deyiladi. “Vuqifi zamoniy” (muayyan vaqtda to’xtab o’zini tekshirish), “vuqufi adadiy” (ishlarini sarhisob qilib tekshirish), “vuqufi qalbiy” (qalb amallari qanday bo’layotganligini to’xtab, tekshirib borish) kabi shiorlar (“qudsiy so’zlar”) ham ana shu nazorat usuliga kiradi. Naqshbandiya, shu tariqa, tasavvufni Islom shariati va payg’ambar sunnati bilan yanada mustahkamroq bog’ladi. “Urva-tul vusqo”, ya’ni barcha ishda payg’ambar so’zlari va ishlariga suyanish Naqshbandiya shiorlaridan biriga aylandi. Naqshbandiyada sufiylik iste’dodiga ham e’tibor berilgan, ya’ni ba’zi kishilarning men falon silsiladanman, naslnasabim falon-falonchilarga borib taqaladi, degan gaplariga qarshi Bahouddin Naqshband “ran silsilada emas”, ran Allohning jazbasida” deb aytadi. Jazba bo’lmasa, sufiylikda maqomatlarga ko’tarilish qiyin. Naqshbandiya Bahouddin Naqshband hayotligidayoq keng Shuhrat qozondi. Naqshbandiyani nazariy jihatdan ishlab chiqishda Muhammad Porso, Alouddin Attor xizmatlari katta bo’ldi. Bu tariqatga faqatgina oddiy xalq emas, balki Buxoro va Samarqand ulamolari, Amir Temur avlodidan bo’lgan shoh va shahzodalar kira boshladilar. 15-asrdayoq Naqshbandiya Eron, Afg’oniston, Misr, Hijoz, Shimoliy Kavkaz, Turkiyaga tarqala boshladi. Ayniqsa, “Hazrati Eshon” unvoniga musharraf bo’lgan Xoja Axror valiy — Nosiriddin Ubaydulloh faoliyati tufayli Naqshbandiyaning obro’-e’tibori yana ham oshdi. Bahouddin Naqshband zamonida man-sabdor shaxslar, shoxu amirlardan uzoq turish lozim deyilgan bo’lsa, Xoja Ahror valiy davrida Naqshbandiya siyosiy doiralarga kirib bordi. Naqshbandiya 16-asrda Hindistonga tarqaldi. Bunda Bobo valiy, Xoja Boqibilloh (1563-1603), Axmad Sirhindiy (1564-1624) faoliyati yaxshi samara bergan. Ayniqsa, Ahmad Sirhindiy u yerda sunniylik yo’nalishini mustahkamlash uchun Naqshbandiyadan unumli foydalangan. Naqshbandiyani Turkiyada yoyilishida Mulla Abdulloh Simaviy (1490 yil vafot etgan), Ahmad Buxoriy va boshqa shaxslarning xizmati bor. Naqshbandiya 16-17-asrlarda Misr va Hijoz (Arabiston)ga kirib boradi. Eronning Nishopur, Isfahon, Yazd shaharlariga tarqalib, shular orqali Falastin, Iroq, Iordaniyada ko’plab tarafdorlarga ega bo’lgan. Hindiston orqali u Indoneziya, Malayziya, Tseylonga tarqaldi. Keyingi asrlarda Rossiya, Bosniya va boshqa Yevropa mamlakatlariga yoyilgan. Hozirda AQSh, Kanada, Avstriyada Naqshbandiya markazlari, xonaqolari, jamg’armalari bor. Naqshbandiya tariqatining umuminsoniy g’oyalar, ma’naviy Kamolot, botiniy poklikni targ’ib etishi uning dunyoda keng tarqalishiga olib keldi. Uning muhlislari bir necha million kishini tashkil etadi. Ad.: Alisher Navoiy, tula asarlar to’plami, 17-j., T., 2002; Abul Muqsin Muhammad Boqir ibn Muhammal Ali, Bahouddin Balogardon, T., 1993; Idris shoh, Naqshbandiy tariqati, T., 1993; Komilov N., Tasavvuf. Birinchi kitob, T., 1996; Navruzova G., Naqshbandiya tasavvufiy ta’limoti va barkamol inson tarbiyasi, T., 2002. Najmiddin Komilov.