Nashtar

Nashtar — chaquvchi pardaqanotlilar urg’ochisi zahar sochuvchi organining sanchuvchi qismi. Himoya va hujum qilish organi. Tinch holatda Nashtar qorin bo’limining oxirgi bo’g’imi ichida joylashadi; zarur bo’lganda tashqariga chiqariladi. Nashtar zahar ishlab chiqaradigan bezlar bilan bog’langan. Nashtarning ostki va ustki tarnovsimon pallalari o’rtasida nay hosil bo’ladi. Zaharli suyuqlik ana shu nay orqali o’lja yoki dushman tanasiga oqib boradi. Asalarilar Nashtari qirralarida mayda ilmoqchalar bo’ladi. Asalari yirik hayvonlarni chaqqanidan so’ng Nashtarni chiqarib ololmasdan halok bo’ladi. Chayonlar Nashtari zaxar suyuqligi oqib o’tadigan ignasimon naydan iborat bo’lib, orqa qorinning oxirgi bo’g’imida joylashgan.