Naqarot

Naqarot — qo’shiqning har baytidan so’ng muntazam ravishda takrorlanib turuvchi qismi. Naqarotning she’riy matni, odatda, to’rtlik yoki baytdan tashkil topib, tugal badiiy obrazni ifodalaydi. Naqarot musiqa asarining ikkinchi kuy davriyasi, ixcham va sodda shaklli namunalarda esa kuyning ikkinchi jumlasi sifatida gavdalanadi. Qo’shiq va madqiyalarda Naqarot boshqa qismlardan musiqiy vazn, uslub va ijro sur’ati bilan farqlanishi mumkin. Xorjamoalariga mo’ljallab yaratilgan qo’shiqlarda Naqarot qismi, odatda, yalpi xor tomonidan ijro etiladi. Ayrim xalq qo’shiq va yallalarida Naqarot asosiy kuyni butunligicha takrorlaydi va bandlardan takroriy she’r matni tufayli ajratiladi. Qo’shiq, ashula, suvora, maqomlarning sho’ba va taronalarida, shuningdek, o’zbek bastakorlik ijodiyotiga mansub asarlarda Naqarotning har xil vokal va cholg’u yo’llari mavjud (masalan, Bozgo’y).