“Nashtar”
“Nashtar” — satirik kinojurnal. 1966 yilda “O’zbekfilm” qoshida Sami Abduqahhor, Anatoliy Qobulovlar tashabbusi bilan tashkil etilgan. Kundalik hayotda uchraydigan ijtimoiy illatlarga qarshi satira, yumor yordamida kurashish “Nashtar”ning asosiy vazifasidir. Har bir kinojurnal badiiy, hujjatli, ba’zan multiplikatsiya yo’li bilan suratga olinadi. Kinojurnalni xalqqa manzur qilishda taniqli yozuvchilar (S. Ahmad, I. Rahim, S. Abduqahhor va boshqalar), teatr va kino aktyorlari (F. A’zamov, H. Umarov, B. Ixtiyorov, K. Jalilova va boshqalar) ning xizmatlari katta. 1998 yildan “Nashtar” “O’zbekkino” davlat aktsiyadorlik kompaniyasi qoshidagi Respublika “Videomarkaz” tarkibiga o’tkazildi. “Nashtar”da turli yillarda G’ani Shermuhamedov, O’lmas Umarbekov, Sami Abduqahhor, Anatoliy Qobulov kabi tanikli ijodkorlar badiiy rahbar, rejissyor, bosh muharrir sifatida faoliyat ko’rsatdilar. Hozirgi kunda A. Yusupov, S. Azlarov (bosh muharrir), E. Xushvaqtov, M. Abzalov, E. Xachaturov, Q. Xasanov, S Boboev, F. Davletshin, I. Ergashev va boshqalar “Nashtar”ning asosiy tashkilotchilari. Aktyorlardan Klara Jalilova, Dias Rahmatov, Ravshan Solihov, Valijon Shamshiev, Zebo Navruzova kabilar faol ishtirok etishadi. “Nashtar” yiliga 4 marta chiqariladi (2003).