Nekrobakterioz
Nekrobakterioz, nekrobasillyoz — uy hayvonlari va ko’pgina yovvoyi hayvonlarda uchraydigan yuqumli kasallik. Kasallikni Bacterium necrophorum bakteriyasi qo’zg’atadi. Bakteriya tashqi muhitga chidamsiz, quyosh nuri ta’sirida tez o’ladi. Nekrobakterioz bilan ko’proq qo’y, sigir, ot, tovuq (aksariyat jo’jalar) kasallanib, odamga xam yuqishi mumkin. Kasallik manbai — kasal hayvonlar. Bakteriya nafas yo’li va shikastlangan teri yoki shilliq pardalar orqali organizmni zaharlaydi, natijada to’qimalarda moddalar almashinuvi buziladi va mayda kon tomirlarida tromblar, ichki organlarda esa metastazalar paydo bo’ladi. Kasallik katta yoshdagi hayvonlarda surunkali, yoshlarida esa shiddatli o’tadi. Ko’pincha tuyoqoralig’i, tuyoqning yumshoq qismlari, qo’zilarning lablari, burun qanotlari, og’iz shilliq pardalari shishib, yara bo’ladi. Keyinchalik shu joylarda qon aralash yiringli suyuqlik to’planib, to’qimalar iriydi. Kasal hayvon ozadi, o’ladi. Kasallik epizootologik va klinik ma’lumotlarga asoslanib, bakteriologik tekshirish bilan aniqlanadi. Oldini olish: hayvonlarni boqishda veterinariya-sanitariya qridalariga rioya qilish; ularni to’laqonli ozuqalar bilan ta’minlash; mollarni botqoqlangan yaylovlarda boqmaslik. Kasal hayvonlar ajratib olinadi va davolanadi, tuzalishi qiyin bo’lganlari so’yiladi. Zararlangan organ va to’qimalar yo’qotiladi. Go’shtini cheklovlarsiz iste’mol qilish mumkin. Davolash: zararlangan joylar xirurgik yo’l bilan davolanadi, antibiotiklar, sulfanilamidlar, kasallikning boshlanish davrida kaliy permanganatning 3% li spirtli eritmasi qo’llanadi. Kasallik tarqalgan xo’jalikda karantin e’lon qilinadi.