Nitrillar

Nitrillar — organik radikallar bilan bog’langan bitta yoki bir necha tsian guruhi —C=N ni saqlovchi organik birikmalar. Nitrillar izonitrillar + R — N = S izomerlaridir. Nitrillar nomi, odatda, karbon kislotalarining nomidan keltirib chiqariladi, bunga misol qilib atsetonitril CH3CN ni sirka kislota nitrili, adipodinitril NC(CH2)4CN ni adipin kislota Dinitrili deb atalishini ko’rsatish mumkin. Nitrillarni tsianid kislota hosilalari sifatida ham qaraladi (SN2= CHCH2CN — allilsianid va hokazolar). Nitrillar — rangsiz suyuqlik yoki qattiq moddalardir. Suvda oz, ko’pgina organik erituvchilarda yaxshi eriydi, elektrofillar va nukleofillar bilan ta’sirlashadi, metallar tuzlari bilan komplekslar hosil qiladi, aproton muhitda galogenvodorodlar bilan ham ta’sirlashadi, spirtlar va tiollar bilan imidoefirlar yoki tiomidatlar tuzlarini beradi. Karbon kislotalar bilan qizdirilgan Nitrillar imidlarga aylanadi, ammiak bilan yoki birlamchi yoki ikkilamchi aminlar bilan amidinlar beradi, gidroksilamin amidoksim, gidrazon esa amidazon hosil qiladi. Nitrillar magniyorganik birikmalar bilan birikib, magniy almashgan ketiminlarga, ular esa gidrolizlanib (kislotali muhitda) ketonlarga aylanadi. Nitrillar fosforning galogenli birikmalari bilan fosfazobirikmalar (iminofosforanlar) beradi. Ritter reaktsiyasi orqali Nitrillarga olefinlar yoki ularning funktsional hosilalarini ta’sir ettirish yo’li bilan amidlar olish mumkin. Nitrillardan tetrazollar, piridin hosilalari, triazinlar, iminonitrillar, zanjirli ketonlar, aminobirikmalar, aldegid va boshqa birikmalar olinadi. Nitrillar amidlarni degidratlash, tsianid kislota tuzlarini alkillash, uglevodorodlarni ammonoliz qilish, spirtlarga ammiak ta’sir ettirish yoki boshqa yo’llar bilan olinadi. Nitrillar eritmalar, radikal-zanjir reaktsiyalar inisiatorlari sifatida, sun’iy tolalar olishda xom ashyo, plastifikatorlar, dori-darmon va pestisidlar ishlab chiqarishda qo’llanadi.