Nefrologiya

Nefrologiya (Yunoncha nephros — buyrak va logos —fan) — tibbiyotning bir bo’limi; buyrakning tuzilishi va faoliyati, kasalliklari: buyrakning tug’ma kasalliklari (buyrak gipoplaziyasi, buyrak aplaziyasi va boshqalar), irsiy kasalliklari (tubulopatiyalar, oilaviy irsiy nefrit va hokazolar), orttirilgan kasalliklari {glomerulonefrit, pielonefrit, nefrolitiaz va boshqalar) ning yuzaga kelish sabab va mexanizmlarini, ularning oldini olish va davolash chora-tadbirlarini o’rganadi. Nefrologiya fan sifatida 20-asrning 50-60-yillarida ajralib chiqdi. Uning fan sifatida rivojlanishida buyrak Ultra tuzilishini urganitshdagi, buyrak faoliyatini eksperimental tekshirishlardagi yutuqlar, eksperimental va klinik immunologiyadagi yangiliklarning ahamiyati katta. Nefrologiyaga glomerulo-nefritni o’rgangan ingliz R.Brayt asos solgan (1927). Oxirgi 30 yil ichida ko’pgina buyrak kasalliklarining tabiati aniqlandi, yangi immuntiklovchi dorilar ishlab chiqarildi, irsiy va tug’ma kasalliklar aniqlandi, sun’iy buyrak va buyrak transplantasiyasi qo’llanila boshlandi. Nefrologiya masalalarini klinisistlar, morfolog, fiziolog, urolog va boshqa mutaxassislar hamkorlikda o’rganadi. Nefrologiya urologiya va transplantasion xirurgiya bilan chambarchas bog’langan. Hozirgi O’zbekistonda barcha tibbiyot institutlarida Nefrologiya fan sifatida o’qitiladi va shu institutlar tarkibida Nefrologiya bo’limlari faoliyat ko’rsatadi. Toshkentda va boshqa yirik shaharlarda Nefrologiya markazlari bor.