Nefroptoz
Nefroptoz (Yunoncha nephros — buyrak, ptosis — qulash, tushib ketish) — gavdaning holatini o’zgartirganda buyrakning o’z fiziologik harakatlanishidan ortiq siljishi bilan kechadigan patologik holat. Ko’proq ayollarda uchraydi. Nefroptozning rivojlanishida buyrakning bog’lovchi apparatidagi o’zgarishlarga olib keluvchi omillar (yuqumli kasalliklar, ozish) va qorin oldingi devoir tonusining susayishi (homiladorlik va boshqalar sababli) ahamiyatga ega. Nefroptozning yuzaga kelishiga shikastlanishlar ham sabab bo’lishi mumkin. Belgilari: belda og’riq bo’lib, harakat vaqtida kuchayadi, ba’zan og’riq qoringa o’tishi, buyrak sanchig’i boshlanishi mumkin. O’ng yoki chap yonbosh sohasida buyrak qo’lga unnaydi. Buyrak va uning tomirlaridagi o’zgarishlar venoz qonning turg’unligi va a’zo gipoksiyasiga olib keladi. Bu, o’z navbatida, buyrak parenximasida urostoz va infektsiya rivojlanishiga sabab bo’ladi. Gemo va urodinamikaning buzilishi tufayli pielonefrit va vazorenal gipertoniya rivojlanadi. Pielonefrit buyrak atrofida tortmalar hosil bo’lishiga olib keladi (fiksasiyalangan Nefroptoz). Nefroptozni aniqlash uchun, asosan, tasviriy va kontrastli urografiya qilinadi. Davosi : spazmolitik, og’riq qoldiruvchi, yallig’lanishga qarshi dorilar va issiq vannalar tavsiya qilinadi. Shu bilan birga bemor oyog’ini ko’tarib yotishi va buyrak belbog’ini taqib yurishi maqsadga muvofiq. Bunda Nefroptozning zo’rayishi va asoratlarining oldi olinadi. Bemorga qorin oldingi devoir muskullarini mustahkamlaydigan Maxsus gimnastika mashklari to’plami buyuriladi. Nefroptozni o’z vaktida davolash bemor mehnat qobiliyatining to’liq tiklanishiga olib keladi. Nefroptoz og’irlashganda (pielonefrit, vezorenal gipertoniya, gidronefrotik o’zgarishlar) nefropeksiya o’tkazish tavsiya etiladi.