Neustoyka

Neustoyka (ruscha) — fuqarolik huquqida majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash usullaridan biri; qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga to’lashi shart bo’lgan pul summasi. O’zbekiston Respublikasining FK bo’yicha, Neustoyka to’lash haqidagi talab yuzasidan kreditor o’ziga yetkazilgan zararni isbotlashga majbur emas. Neustoyka bilan faqat haqiqiy talab ta’minlanadi. Agar qarzdor majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar bo’lmasa, kreditor Neustoyka to’lashni talab qilishga haqli emas. Neustoyka jarima yoki penya shaklida bo’ladi. Neustoyka to’g’risidagi kelishuv yozma shaklda tuziladi. Neustoyka to’lash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qat’i nazar, kreditor qonunda belgilangan Neustoyka (qonuniy Neustoyka)ni to’lashni talab qilishga haqli. Qonuniy Neustoykaning miqdori, agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan ko’paytirilishi mumkin.