Neftni qayta ishlash sanoati
Neftni qayta ishlash sanoati — og’ir sanoat tarmog’i, neftni kayta ishlash hamda neft mahsulotlari ishlab chiqarishni qamraydi. Neftdan turli mahsulotlar olish qadimdan ma’lum bo’lsada neft konlarini qidirish, undan sanoat usulida qimmatbaho mahsulotlar olish 19-asrning 1-yarmida paydo bo’ldi. O’zbekistonda Neftni qayta ishlash sanoatining to’ng’ich korxonasi Vannovsk (hozirgi Oltiariq) neft zavodi 1904 yilda ishga tushirilgan. 2-jahon urushidan keyingi yillarda O’zbekistonda yangi neft konlari ochilishi bilan Neftni qayta ishlash sanoati jadal sur’atlar bilan rivojlandi, texnika darajasi va ishlab chiqarish ko’lami o’sdi. 1959 yilda Farg’ona neftni qayta ishlash zavodining 1-navbati ishga tushirildi. Ko’kdumaloq neft-gaz koni ochilganidan keyin Frantsiyaning teknep firmasi bilan hamkorlikda Buxoro viloyatining qorovulbozor tumanida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 1996 yilda qurib bitkazildi. 1997 yilda yuqori sifatli surkov moylari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan O’zbekiston—AQSh “o’z-Teksako” qo’shma korxonasi tashkil etildi. 2000 yilda Farg’ona neftni qayta ishlash zavodi to’liq ta’mirlandi. Mazkur zavod surkov moylari va yonilg’i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, ishlab chiqarish bo’yicha 30 dan ortiq texnologik qurilmaga ega, Oltiariq neft zavodi esa yonilg’i yo’nalishida. Neftni qayta ishlash zavoddlarida yuqori oktanli benzin (shu jumladan, B-92 avi- abenzini), dizel yonilg’isi, koks, parafin, motor moylariga qo’shilmalar, yengil avtomashinalar uchun motor va surkov moylari (kompressor, turbina, urchuq moylari), kerosin, bitum, mazut kabi 50 turdan ortiq neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. Yangi mahsulot turlari ishlab chiqarishni o’zlashtirish dasturiga muvofiq yangi texnologiyalar o’zlashtirilmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda neft (gaz kondensata bilan birga) kazib olish hajmi keskin oshirildi. Neftni qayta ishlash sanoati AQSh, Yaponiya, Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniyada, ayniqsa, rivojlangan. Abdurahim Ortiqov.