AXBOROT OLISH KAFOLATLARI VA ERKINLIGI
AXBOROT OLISH KAFOLATLARI VA ERKINLIGI — har bir shaxsning o’zi istalgan axborotni izlash, olish va tarqatishga haqli ekanligi. O’zbekiston Respublikasida barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslar fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo’lgan hujjat, qaror va boshqa xil materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim (O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 30-modda). “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni (1997 yil 24 aprel) ga ko’ra, har bir fuqaro o’z manfaatlariga daxldor axborotni bepul, boshqa axborotlarni kelishuv bo’yicha haq to’lab olish imkoniga ega. Shaxsning bu haqda yozma yoki og’zaki murojaatiga qisqa muddatda, uzog’i bilan 30 kundan kechiktirmay javob berilishi shart. Axborot olish kafolatlari va erkinligi O’zbekiston Respublikasida kutubxona va hujjatxonalardan foydalanish bepulligi, fuqarolar o’zlariga zarur axborotni bevosita yoki qonuniy vakillari yordamida izlash, olish, tadqiq etish va tarqatish, hujjat va boshqa axborot manbalaridan nusxa, fototasvir olishlariga ijozat berilgani bilan ham kafolatlangan. Jumladan, fuqaroviy, xo’jalik, ma’muriy va jinoyat ishlari ko’rilayotganda sud majlisi ishtirokchilarining so’zlari va xattiharakatlarini rasmana yoki stenografiya tarzida yozib olish, magnit tasmasida aks ettirish, sudning ruxsati bilan foto, kino, video tasvirga tushirish, ularni radio tarmoqlari va televideniye orqali namoyish qilish mumkin. Gumon ostidagi shaxs o’zining qanday jinoyatda gumonsirilayotgani, ayblanuvchi — nimada ayblanayotganini bilishga, ular va ishdan manfaatdor boshqa shaxslar: jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fukaroviy javobgar, ularning vakillari ishdagi barcha materiallar bilan tanishib chiqishga, ulardan ko’chirma va nusxalar olishga, shu maqsadda tarjimon xizmatidan bepul foydalanishga haqlidir. Agar asossiz ushlangan, qamoqda saqlangan yoki sudlangan shaxs to’g’risida ilgari matbuotda, radio va televideniye orqali xabar berilgan bo’lsa, u begunoh ekanligi, okdangani haqida ayni o’sha ommaviy axborot vositasida e’lon qilinishi shart. Axborot olish kafolatlari va erkinligi ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga ham ular zarur deb hisoblagan axborotni olish, uni xolisona tekshirish va tsenzurasiz tarqatish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Axborot olish kafolatlari va erkinligidan boshqalarning ichki hayotiga taalluqli axborotni oshkor etish, taqiqlangan ilmiy, texnikaviy, kasbiy, ishlab chiqarish jarayonlariga oid, shuningdek davlat siri hisoblangan axborotni to’plash va tarqatish maqsadida foydalanish konunga biioan javobgarlikka sabab bo’ladi.