Imomiylar

Imomiylar — shialikdagi yirik mazhab tarafdorlari. 7-asrda Arab xalifaligida vujudga kelgan. Ular Ali naslidan bo’lgan 12 imomni tan oladilar. Imomiylar 11-Imom Hasan al-Askariy (873 yil vafot etgan) dan keyin uning yosh o’g’li Muhammadni oxirgi, 12-Imom deb hisoblaydilar. Rivoyatlarga ko’ra, bu Imom yo’qolgan (tarixda o’ldirilgan bo’lsa kerak, deb hisoblanadi). Imomiylar uni “yashiringan Imom”, ya’ni Mahdiy deb e’lon qilib, u qaytib kelishi bilan adolat tantana qiladi deydilar. “Yashiringan Imom”ga e’tiqod Imomiylarning asosiy aqidalaridan biridir. Imomiylar imomning saylab qo’yilishini rad etishadi. Ular o’zlarining hamma Imomlarini “jabrdiyda” deb bilib, ularga e’tiqod qilishadi. Imomiylar shialarning ancha ko’p tarqalgan qismidir. Imomiylar ta’limoti hozirgi Eronning davlat dini hisoblanadi. Imomiylar Iroqda aholining deyarli yarmini tashkil etadi. Imomiylar jamoalari Livan, Quvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Afg’oniston va boshqa mamlakatlarda bor.