Iroqliklar

Iroqliklar (Iroq arablari) -xalq. Iroqning asosiy aholisi (14,5 million kishi). Umumiy soni 14,6 million kishi (1990-yillar o’rtasi). Shuningdek, Kuvayt, Germaniya va boshqa mamlakatlarda ham yashaydilar. Arab tilining Iroq lahjasida gaplashadilar. Dindorlari — asosan, shimolda musulmon-sunniylar, Janubda shialar. Iroq hududi (ikki daryo oralig’i) 7-asrda arablar tomonidan bosib olingan 8-asrda Bag’dod Arab xalifaligining poytaxtiga aylangan. Arablar ikki dare oralig’ining qadimgi aholisi avlodlari bilan aralashib ketganlar. 1958 yildagi inqilob natijasida milliy uyushuv jarayonlari kuchaygan. Iroqliklarning bir qismida qabilaviy bo’linish saqlanib qolgan (yuzdan ortiq qabila nomlari ma’lum). Iroqliklarning asosiy mashg’ulotlari — dehqonchilik, chorvachilik, Janubiy tumanlarda bog’dorchilik, polizchilik. Shahar aholisi hunarmandchilik, savdo, sanoat (asosan, neft), xizmat ko’rsatish sohasida band.