Islohot
Islohot — ijtimoiy hayotning biron-bir tomoni (tartiblar, idoralar, muassasalar)ni o’zgartirish, qaytadan tuzish. Islohot rasman — har qanday mazmundagi yangilikni joriy etish hisoblansada, aslida Islohot deyilganda ko’p yoki oz darajadagi ilg’or qayta o’zgartirish nazarda tutiladi. Jamiyatdagi ijtimoiy- iqtisodiy o’zgarishlarning pirovard maqsadini vaziyatdan kelib chiqqan holda to’g’ri belgilab olish muhimdir. Islohotlar turli mamlakatlarda ularning geografik joylashishi, iqlimi, iqtisodiy, intellektual salohiyati, ma’naviyati, madaniyati, milliy xususiyatlari va boshqalar o’ziga xos omillardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. Jamiyatning siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy, ma’rifiy, huquqiy va shu kabi sohalarida alohida yoki bir necha soqalarida bir yo’la Islohot qilinishi mumkin. Islohot vaziyatga qarab tadrijiy tarzda, bosqichma-bosqich amalga oshirilsa muvaffaqiyatli bo’ladi. O’zbekiston mustaqillikni qo’lga kiritgach, jamiyat hayotining hamma sohalarida tub o’zgarishlar boshlandi. Jumladan, bozor iqtisodiyotini qaror toptirishga yo’naltirilgan Islohotlar xalqning turmush farovonligini yaxshilashga qaratilgandir.