Izboskan neft-gaz koni
Izboskan neft-gaz koni – Farg’ona vodiysining shimoli sharqidagi Izboskan antiklinal burmasida joylashgan neft-gaz koni. Izboskan strukturasi 1933 yilda aniqlangan va tektonik jihatdan Moylisuv strukturalari guruhiga kiradi. Kon 1950 yil ishga tushirilgan. Izboskan neft-gaz konining geologik tuzilishida paleozoy, yura, bo’r, paleogen va neogen yotqiziqlari ishtirok etgan. Gil, ohaktosh, qumtosh va alevrolitlardan iborat. Dastlabki qidiruv ishlari konda 1935 yilda boshlangan. 1945 yilda chuqur Burgi quduklari qazilgan. Izboskan antiklinalining uzunligi 35 kilometr, eni 7 kilometr bo’lib, g’arbdan sharqqa cho’zilgan yagona burmadan iborat; paleogen davri yotqiziqlari bo’yicha uzunligi 10,5 kilometr, eni 1,8 kilometr; shimoliy qanoti 30°, Janubiy qanoti 20° enkaygan. Izboskan burmasini uzunasiga 3 ta tektonik uzilma kesib o’tgan. Uzilma tekisligi bo’yicha qatlamlar 13-va 18-gorizontida katta gaz uyumlari, Paleogen davri yotqiziqlaridagi 3-, 5-, 7-, 8-, 9 – gorizontlarida esa neft uyumlari topilgan. 8-gorizont eng mahsuldor. 2400 metr chuqurlikda joylashgan. Paleogen davri yotqiziqlaridagi dastlabki burg’i qudug’idan (1950) sutkasiga 10 tonna, 1967 yilga qadar esa 2644 ming tonna neft olingan. 1963 yil bo’r davri qatlamlaridan sutkasiga 1 million m3 gaz olina boshlagan. Neftning zichligi 0,864 g/sm3, oltingugurtning miqdori 0,33 %, aktsiz qatroni 35 %, parafin 6 %. Gazning tarkibi metan (50 %), karbonat angidridi (12,6 %)dan iborat. Kondan ayni paytda oz miqdorda neft va gaz olinmoqda.