Madrid

Madrid — Ispaniya poytaxti, Madrid provintsiyasining va yangi Kastiliya tarixiy viloyatining bosh shahri. Mamlakatning asosiy siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Mansanares daryosi (Taxo havzasi) bo’yida, Meseta platosida, 650 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 4,9°, iyulniki 24,2°. Yillik yog’in 420 mm. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aholisi 2,8 million kishi (1998). Madrid ilk bor qo’lyozmalarda 932 yilda qayd etilgan. Madrid o’rnida yu-a.AA Mavrushning Majirit nomli qal’asi bo’lgan. 1083 yilda arablardan ozod etilgan va 1118 yildan erkin shahar huquqi berilgan. 14-15-asrlarda Kastiliya qirollari qarorgohi. 1561 yildan Ispaniyaning rasmiy poytaxti. Madrid va uning atrofidagi korxonalar mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotning 1/10 qismini beradi. Shahar sanoatining yetakchi tarmog’i — mashinasozlik (avtomobilsozlik, samolyotsozlik, lokomotivsozlik), elektrotexnika (optika priborlari, radiotexnika va telefon jihozlari, qishloq xo’jalik qurollari ishlab chiqarish). Kimyo (jumladan, plastmassa ishlab chiqarish), qurilish materiallari, poligrafiya, kimyo-farmatsevtika, to’qimachilik, ko’n-poyabzal, farfor-fayans va boshqa sanoat korxonalari bor. Badiiy hunarmandchilik (kashta tikish, to’r to’qish, zargarlik buyumlari tayyorlash va boshqalar) rivojlangan. Madridda yirik korxonalar boshqarmasi, banklar, sug’urta kompaniyalari, savdo firmalari va birjalar joylashgan. Madrid — xalqaro turizm markazlaridan. Universitetlar, Mariya Kristina Qirollik kollegiumi, konservatoriya, san’atshunoslik va boshqa o’quv muassasalari, Qirollik akademiyasi, ilmiy tadqiqot institutlari, astronomiya rasadxonasi, botanika bog’i, kutubxonalar, Prado muzeyi, Milliy arxeologiya, san’at va boshqa muzeylar bor. Metropoliten qurilgan. Me’moriy yodgorliklardan episkop kapellasi (1520), PLA sa mayor ansambli (1619), Qirol saroyi (1738— 64), cherkovlar, ratusha (17-18-asrlar) va boshqalar saqlangan.