AERODINAMIKA

AERODINAMIKA (Aero… va dinamika) — gidroaerodinamikaning havoning harakat qonunlarini va jismlar sirtida vujudga keladigan kuch qonuniyatlarini hamda jismlarning havoga nisbatan harakatini o’rganadigan bo’limi. Asosiy masalalaridan biri — uchish apparatlariga ta’sir etuvchi aerodinamik kuchlarni hisoblash usuli bilan ularning loyihasini ishlab chiqish. Aviatsiya rivojlanganligi tufayli Aerodinamika mustaqil fan sifatida 20-asr boshlarida vujudga keldi. Samolyot qanotining ko’tarish kuchini, samolyot va uning detallari aerodinamik qarshiliklarini havo vintining tortish kuchini hisoblash usullari nazariyasini ishlab chiqish va yaratish talab qilinadi. Qanotning ko’tarish kuchini hisoblashga imkon beruvchi nazariyani 20-asr boshlarida Rossiyada K. E. Tsiolkovskiy, N. E. Jukovskiy va S. A. Chapligin, Germaniyada V. Kuttoy, Angliyada F. Lanchester ishlab chiqishgan. Uchish nazariyasini ishlab chiqish bilan bir vaqtda aerodinamik laboratoriyalar qurila boshlandi. Vujudga keladigan masalalarni yechish usuliga ko’ra Aerodinamika nazariy va tajriba Aerodinamikalariga bo’linadi. Nazariy Aerodinamikada gidroaerodinamikaning asosiy qonunlari tenglamalar shaklida nazariy taxlil qilinadi. Tajriba Aerodinamikasida harakatning aylanish qonunidan keng foydalaniladi. Shunga muvofiq v tezlik bilan harakatlanayotgan jismga ta’sir etuvchi kuch qo’zgalmas qilib mahkamlangan shu jismga ta’sir etuvchi va shu v tezlikda havo oqimini haydovchi kuchga teng bo’ladi. Aviatsiya va raketa texnikasining rivojlanishi munosabati bilan yangi fanlar — giper tovush tezliklari Aerodinamikasi, siyrak gaz Aerodinamikasi va kosmik Aerodinamika vujudga keldi. Aerodinamika natijalaridan qit’alararo raketalar, yer sun’iy yo’ldoshlari, kosmik kemalarni loyihalash va yaratishda, issiqlik texnikasi, kimyo sanoati va boshqalarda foydalaniladi. Sanoat Aerodinamikasida havo haydagichlar, shamol dvigatellari, oqimli apparatlar (ejektorlar), shamollatish texnikasi (xususan, havo konditsioneri) ni hisoblash bilan bog’liq bo’lgan, shuningdek yerdagi transportlar (avtomobillar, poyezdlar) harakatida vujudga keladigan aerodinamik kuchlar bilan, bino va inshootlarga shamolning ta’siri bilan bog’liq masalalar ko’rib chiqiladi.