AQLI NORASOLIK
AQLI NORASOLIK – (jinoyat huquqida) ijtimoiy xavfli qilmishni sodir qilish vaqtida shaxsning ruhiy kasalligi tufayli o’z harakatlari yuzasidan o’ziga hisob bera olmaydigan va o’z harakatlarini idora qila olmaydigan holati. Aqli norasolik ikki mezon: tibbiy (biologik) va yuridik mezon orqali aniqlanadi. Tibbiy (biologik) mezon shaxsda surunkali ruhiy kasallikni yoki ruhiy holatning vaqtincha buzilganligi yoxud aqli zaiflik yoki boshqacha tarzdagi ruhiy kasallikning mavjudligini bildiradi. Yuridik mezon shaxsning o’z harakatlari yuzasidan o’ziga hisob bera olmasligi (tafakkur mezoni) va o’z harakatlarini idora qila olmasligi (irodaviy mezon) dir. Shaxsni ruhiy kasal deb hisoblash uchun tibbiy va yuridik mezonlarning zohirligi talab qilinadi. Shaxsning ruhiy kasallik holatini aniqlash uchun sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanadi. Ekspertiza shaxsni ijtimoiy xavfli qilmishni sodir qilish paytida aqli noraso holatda bo’lgan, deb xulosa bersa, uning qilmishi jinoyat hisoblanmaydi va javobgarlikka tortilmaydi.