ZABAYKALYE
ZABAYKALYE — Baykal ko’lidan sharqda joylashgan tog’li hudud. Shimoldan janubga 1000 kilometrga cho’zilgan. Aksari o’rtacha balandlikdagi (1200-1300 metr) tog’lar o’lkasi; shimol va g’arbda baland tog’lar (3000 metrgacha) bilan o’ralgan. Zabaykalyening 2/3 qismi granitlardan tuzilgan. Oltin, titan, temir, rux, qo’ng’ir ko’mir va toshko’mir konlari bor. Zabaykalyening shimol- g’arbiy qismida Baykal bo’yi baland tizmalari (Xamar-Daban, Barguzin, Jida, balandligi 2500-3000 metrgacha) va Zabaykalye tog’lari hamda katta soyliklar joylashgan. Bu qismida 9-10 balli, sharqroqdagi o’rtacha, past tog’larda va yassi tekisliklarda 6-7 balli zilzila bo’lib turadi. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -20° (-35° gacha), iyulniki soyliklarda 15°, tog’larda 7-10°. Yiliga o’rtacha 250 millimetrdan 1000 millimetrgacha yog’in tushadi. Yirik daryolari: Vitim, Olyokma, Selenga, Shilka, Argun. Ko’llari: Baykal, Torey, Baunt, Yeravnoye, Gusinoye.