ZARAFSHON ARXEOLOGIYA EKSPEDITSIYASI

ZARAFSHON ARXEOLOGIYA EKSPEDITSIYASI — Buxoro vohasidagi arxeologik yodgorliklarni tadqiq etish maqsadida tuzilgan dastlabki ilmiy ekspeditsiya (1934, 1939-40). Qadimgi yodgorliklarni saqlash O’zbekiston komiteti, Davlat Ermitaji, moddiy madaniyat tarixi instituti tomonidan tashkil etilgan bu ekspeditsiyaga A. Yu. Yakubovskiy rahbarlik qilgan. Unda M. M. Dyakonov, V. A. Shishkin, T. Mirg’iyosov, V. Yu. Kesayev va boshqalar qatnashgan. 1934 yil Buxoro bilan Samarqand o’rtasidagi qadimgi karvon yo’lida arxeologik qidiruv ishlari o’tkazilgan va bu yo’l yoqasida joylashgan so’nggi antik hamda ilk o’rta asr yodgorliklari: Qiziltepa, Shohshahidon, Shahrivayron, Abumuslimtepa, Bo’rixona, Ganchxona, Hazora, Dingak va boshqa yodgorliklar tadqiq etilgan, shuningdek, kampir devor qoldiqlari o’rganilgan. 1939-40 yillar Zarafshon arxeologiya ekspeditsiyasi Poykand shahri xarobalari topografiyasini o’rgandi, Ark va shahristonda dastlabki qidiruv ishlari olib bordi. Ad.: Yakubovskiy A. Yu., Arxeologicheskaya ekspedisiya v Zaravshanskuyu dolinu v 1934 g.; Trudi otdeleniya Vostoka Ermitaja, t. 2, L., 1940; Yakubovskiy A. Yu., Kratkiy Polevoy otchet o rabote Zaravshanskoy arxeologicheskoy ekspedisii Ermitaja i IIMK v 1939 g.; Trudi otdeleniya Vostoka Ermitaja, t. 2, L., 1940.