ZUMRAD

ZUMRAD (Yunoncha smaradgos) — mineral, bershining to’q yashil turi. Tarkibida oz miqdorda (2% cha) xrom oksidi bo’ladi. Chiroyli tovlanishi, yaxshi jilolanishi, shaffofligi, kristall shaklining chiroyliligi bilan qimmatbaho toshlar ichida birinchi darajali hisoblanadi. Zumradning darz ketmagan shaffof, massasi 5 karatdan ortiq bo’lgan xili, shunga teng bo’lgan olmosdan qimmatroq turadi. Zumradning yirik konlari granitli pegmatitlarning magnezial slaneslar, amfibolitlar va zmeeviklarga ta’sir etilishidan hosil bo’ladi. Shuningdek, Zumrad kvarsdala shpatli tomirlarda va o’zgargan slanes karbonatli jinslarda ham uchraydi. Zumradning konlari kam. Asosiy konlari Rossiya (Ural), JAR (Transvaal), Kolumbiya (Muso) da bor. Zumraddan qimmatbaho taqinchoqlar va bezaklar tayyorlanadi. Sun’iy Zumrad kvant mexanikasida ishlatiladi.

ZUMRAD — kechpishar shirin qalampir navi. O’zbekiston sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot institutida Kaliforniya Vonder (AQSh) populyasiyasidan ko’p marta yakka tanlash yo’li bilan chiqarilgan (1988). Tupi ixcham, yaxshi barglangan, balandligi 40-54 santimetr. Bargi yashil, o’rtacha kattalikda. Mevasi prizmasimon, yuzasi silliq, uchi bir oz qirrali, etining qalinligi 5,2 millimetr, uzunligi 8 santimetr, eni 7,5 santimetr. To’q yashil, pishib yetilgandan so’ng qizil rangga kiradi, xushbo’y. Tarkibida S vitamin (134 mg %), 10-11 % quruq modda, 2-6% qand, 1,5% kraxmal, oqsil, yog’, kletchatka, vitamin V, va V2, karotin bor. Bir dona mevasining og’irligi 100 gramm. Urug’lari erkin joylashgan, urug’donlar soni 3-4 ta. Nihollar to’liq unib chiqqanidan keyin mevasi yetilguncha o’suv davri 153 kun. Hosildorligi 30-35 t/ga ga boradi. Mevasi ovqatga ishlatiladi, turli konservalar tayyorlanadi.