ZUNNUN QODIRIY

ZUNNUN QODIRIY (1912.17.6 -Shinjon — 1989.22.9) — uyg’ur yozuvchisi, dramaturg, yangi davr uyg’ur adabiyoti asoschisi. «Jaholatning jafosi» (1937), «G’uncham» (1939), «Kuchukka hujum» (1946), «Ikki barmog’im» (1947), «Mador ketganda» (1948), «Shafqat hamshirasi» (1948) kabi hikoyalarida Gomindon davridagi uyg’ur xalqining achinarli hayoti ifodalangan bo’lsa, «Chiniqish» (1956), «Gumon» (1957), «Rahmat» (1958), «Baxtixonning hayoti» (1960), «Qizil gul» (1962) kabi hikoyalarida Gomindon zulmidan qutulgandan keyingi hayot tasvirlanadi. «Jaholatning jafosi» (1937), «Uchrashganda» (1942), «Gulniso» (1946), «To’y» (1956) kabi dramalari, «Ko’shchi bilan sichqon», «Bulbul bilan Sinchalak», «Kapalak bilan ari» kabi masallarida ijtimoiy hayotdagi ziddiyatlar, yoshlarning yangilik sari intilishlari aks etgan. Asarlari Xitoy, rus, ingliz, nemis, yapon, frantsuz tillariga tarjima qilingan. Zunnun Qodiriy Osiyo va Afrika yozuvchilari Toshkent konferentsiyasi (1958) qatnashchisi.