O’zbek adabiyoti tarixi

Natan Mallayev. O’zbek adabiyoti tarixi

Kirish.

Adabiyot tarixi fani badiiy adabiyotning tarixiy taraqqiyot protsessini o’rganadi va o’rgatadi.

Har bir xalqning o’z tarixi, madaniyati, san’ati va adabiyoti bor. Shunga ko’ra, adabiyot tarixi ma’lum bir xalqning – shu adabiyotni yaratgan xalqning nomi bilan ataladi.

Har bir xalq, uning katta-kichikligidan qat’i nazar, jahon madaniyati xazinasiga o’z hissasini qo’shadi. Shunga ko’ra, alohida xalqlarning nomi bilan atalgan adabiyotlar tarixi ayni chog’da umumjahon adabiyoti tarixining ajralmas bir qismidir.

O’zbek xalqi qadimiy va boy madaniyatga ega bo’lgan xalqlardan biridir. U jahon ilm-fani, san’ati va adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo’shdi, buyuk olimlarni, san’atkorlarni va yozuvchilarni yetishtirdi, boshqa xalqlar bilan yaqindan madaniy aloqada boldi.

O’zbek xalqi ma’naviy madaniyatining katta va ajralmas bir qismi o’zbek adabiyotidir.

O’zbek adabiyoti tarixi o’zbek xalqining qadim zamonlardan boshlab hozirgi kunga qadar yaratgan badiiy adabiyotini o’z ichiga oladi. Bu adabiyot bir-biridan tubdan farq qiluvchi ikki davrga: Ulug’ Oktabr sotsiaalistik revolyutsiyasigacha bo’lgan davr va Oktabr revolyutsiyasidan keyingi davrga bo’linadi.

Oktabr revolyutsiyasigacha bolgan o’zbek adabiyoti antagonistik sinfiy jamiyatda vujudga kelgan, antagonistik sinfiy jamiyatning ziddiyatlari bilan birga yashagan adabiyotdir. Bu adabiyot bir-biriga qarama-qarshi bo’lgan oqimlardan, reaktsion va progressive oqimlardan – ekspluatatorlar manfaatiga yoki xalq ommasiga manfaatlariga xizmat qilgan oqimlardan iboratdir. O’zbek adabiyoti tarixi bir-biriga qarama-qarshi bo’lgan aadabiy oqimlarning kurashi tarixidir. Bu kurashda progressive adabiyot o’sdi, chiniqdi va tobora keng xalq ommasi bilan bog’lanib, uning e’tibori va muhabbatiga sazovor bo’ldi.

O’zbek adaiyoti turli xil va janrdagi badiiy asarlarni o’z ichiga oladi. Lirika va epos o’tmish o’zbek adabiyotining asosiy xillaridir. G’azal, muxammas, musaddas, noma, ruboiy, doston, masal, hikoya va boshqalar keng tarqalgan adabiy janrlardir. O’zbek adabiyoti tarixi turli adabiy xil va janrlarning shakllanishi va rivojlanishi tarixi hamdir.

O’tmish o’zbek adabiyoti bir qator memuar va tarixiy asarlarni ham o’z ichiga oladi. “Bobirnoma” (Bobur), “Shajarai turk”, “Shajarai tarokima” (Abulg’oziy), “Firdavsul-iqbol” (Munis va Ogahiy) va boshqalar shular jumlasidandir, chunki ularda tarixiy voqealar ko’pincha badiiy til vositasida ifodalanadi, badiiy lavhalar va she’rlar ularga yanada ko’proq badiiy tus beradi.

O’zbek adabiyoti tarixi “Tohir va Zuhra”, “Biz o’g’lon”, “Yusuf Ahmad”, “Kitoi podsho Jamshid”, “Qissai Farhodu Shirin” kabi xalq kitoblarini ham o’z ichiga oladi. Bu asarlar folklorda vujudga kelgan, kitobiy adabiyotga yaqinlashtirib qayta ishlangan yoki yozma adabiyotda paydo bo’lib, keyinchalik xalq ijodi uslubida ishlangan asarlardir. Shunga ko’ra, xalq kitoblari folkloristikaning ham, adabiyot tarixining ham predmetidir.

Tarjima adabiyot ham o’zbek adabiyoti tarixining muhim bir qismini tashkil etadi. O’zbek xalqi asrlar davomida bir qancha xalqlar bilan, O’rta Osiyo va Qozog’iston, Kavkaz va Rosiiya, Gretsiya va Eron, Hindiston va Arabiston hamda boshqa o’lkalarning xalqlari bilan yaqin iqtisodiy va madaniy aloqada bo’ldi. Natijada ana shu aloqalarning mevasi sifatida tarjima adabiyot vujudga keldi. O’zbek tiliga tojik, eron, ozarbayjon, hind, arab, rus va boshqa xalqlarning ko’p badiiy asarlari va tarix kitoblari tarjima qilindi. “Xisrav va Shirin”, “Haft paykar” (Nizomiy), “Guliston”, “Bo’ston” (Sa’diy), “Bahoriston”, “Yusuf va Zulayho”, “Salomon va Absol” (Jomiy), “Shoh va gado” (Hiloliy), “Kalila va Dimna” (aslida hind eposi), “Ming bir kecha” (arab ertaklari), “Ravzatus-safo” (Mirxond), “Badoynul-vaqoe” (Vosifiy) va boshqalar shular jumlasidandir.

Tarjima adabiyot xalqlar o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, o’zbek xalqini boshqa xalqlarning badiiy ijodi bilan tanishtiradi. Shu bilan birga, tarjima, asarlarning ko’pi konkret tarixiy sharoitning ehtiyoji, talabi hamda o’zbek yozma adabiyoti va xalq og’zaki ijodi tajribalari asosida birmuncha o’zgartirilgan va yangiliklar kiritilgan, ijodiy qayta ishlangan asarlardir. Qutb (XIV asr) tarjima qilgan “Xisrav va Shirin” (Nizomiy), Xiromiy (XIX asr) tarjima qilgan “Chor darvesh”, “To’tinoma” va boshqalar shu xildagi erkin tarjima asarlariridir.

Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasigacha bo’lgan o’zbek adabiyoti tarixi kursi o’zbek xalqining ko’p asrlik adabiyoti bilan, bu adabiyotning taraqqiyot yo’li bilan, adabiy yo’nalishlar o’rtasidagi kurash tarixi bilan tanishtirilishi lozim. Bu kurs o’zbek adabiyoti namoyandalari ijodini, ularning asarlarini tahlil qilib va g’oyaviy-badiiy qimmatiga baho berib, badiiy adabiyot bilan mafkuraning boshqa shakllari o’rtasidagi aloqalarni, yozma adabiyot bilan xalq og’zaki ijodi o’rtasidagi adabiy hamkorlikni yoritishi, o’rgatishi kerak. Shuningdek, bu kurs o’tmish adabiyoti ilg’or traditsiyalarining davom ettirilishiga va rivojlantirilishiga yordam berishi lozim. Adabiyot tarixi xalq tarixining ajralmas bir qismidir. Badiiy adabiyotning taraqqiyoti jamiyatning umumiy taraqqiyoti bilan uzviy bog’liqdir.

Kishilar, K.Marks aytganidek, “o’z hayotlarini ijtimoiy ishlab chiqarishda muayyan, zarur, o’zlarining irodalariga bog’liq bo’lmagan munosabatlarda – ishlab chiqarish munosabatlarida bo’ladilar, bu munosabatlar ularning moddiy ishlab chiqaruvchi kuchlari taraqqiyotining muayyan bosqichiga muvofiq keladi.

Bu ishlab chiqarish munosabatlarining hammasi jamiyatning iqtisodiy strukturasini, real bazasini tashki etadi, huquqiy va siyosiy ustqurma shu real basis ustiga quriladi va ijtimoiy ongning muayyan shakllari bu bazisga muvofiq keladi… Kishilarning ongi ularning borlig’ini belgilamaydi, balki, aksincha, ularning ijtimoiy borlig’ini belgilamaydi, balki, aksincha, ularning ijtimoiy borlig’i ularning ongini belgilaydi”. Shu bilan birga, ustqurma va ijtimoiy ongning turli shakllari o’zaro munosabatda bo’ladi, bir-birlariga va jamiyatning bazisiga aktiv ta’sir qiladi.

Biroq ayrim vaqtlarda san’at va adabiyot jamiyatning umumiy taraqqiyotidan ilgari ketishi yoki orqada qolishi ham mumkin. Bu haqda K.Marks bunday degan edi: “San’atga kelsak, shu narsa ma’lumki, uning muayyan davrlarda gullab-yashnashi jamiyatning umumiy rivojiga, demak, jamiyat tuzilishining skeleti bo’lgan moddiy negizining rivojiga ham hech bir muvofiq kelmaydi. Masalan, greklarni yoki Shekspirni hozirgi xalqlar bilan solishtirsak, xuddi shuni ko’ramiz”.

Demak, marksizm-leninizm ta’limotiga ko’ra, adabiyot tarixi xalq tarixining uzviy bir qismi bo’lib, uni davrlashtirishda, bir tomondan, jamiyatning umumiy taraqqiyot qonunlariga, ikkinchi tomondan, adabiyot taraqqiyotining o’ziga xos xususiyatlariga asoslanish lozim.

O’zbek adabiyoti tarixini ilmiy asosda o’rganish va yoritish, asosan, Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasidan keyin boshlandi. Sovet fani o’zbek adabiyoti tarixini o’rganish sohasida mislsiz katta muvaffaqiyatlarga erishdi va erishib bormoqda. Markscha-lenincha fan metodologiyasiga asoslangan sovet adabiyotshunosligi o’zbek adabiyoti tarixini o’rganish sohasida yo’l qo’yilgan xatolarga, jumladan adabiyot tarixi taraqqiyotini sulolalar yoki podsholarning, xonlarning kelib-ketishlari tarixiga qarab davrlashtirish mayllariga uzil-kesil barham berdi. Biroq hali o’rganilmgan yoki hozircha kam o’rganilgan yodgorliklar va masalalar ham oz emas. Arab va mo’g’ul bosqinchilari istilosi hamda dahshatli o’zaro feudal urushlar juda ko’p madaniyat yodgorliklarini, jumladan, adabiyot asarlarini ham yemirib tashladi, yo’qotib yubordi. Bu holat ayrim tarixiy etaplar (masalan, VIII-IX asrlar va XIII asr) adabiyotining to’la manzarasini yoritish, ularni keng tasavvur qilish imkonini bermaydi. Bularning barchasi, shubhasiz, adabiyot tarixini davrlashtirish masalasini nihoyatda qiyinlashtiradi. O’zbek adabiyoti tarixini davrlashtirish bo’yicha sodir bo’lgan ayrim xatoliklar, jumladan ba’zi bosqichlarni sun’y yoki bir yoqlama nomlar bila atash hodisalari ham shu bilan izohlaadi. Lekin, bunga qaramay, Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasigacha bo’lgan o’zbek adabiyoti tarixini, bir tomondan, jamiyatning umumiy taraqqiyot qonunlarini, o’zbek xalqining tarixan tashkil topishi hamda uning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi taraqqiyot etaplarini; ikkinci tomondan, adabiyot tarixi taraqqiyotining o’ziga xususiyatlarini; badiiy adabiyotning ijtimoiy-estetik mohiyati va funktsiyasining taraqqiy etib borishi, adabiy oqimlarning shakllanishi va taraqqiy etib borishi, adabiy oqimlarning shakllanishi va taraqqiy etishi, adabiy oqimlar o’rtasidagi kurash, adabiy uslub, adabiy xil va janrlarning o’sishi hamda badiiy so’z san’atining boshqa jihatlari takomiliga xos xususiyatlarni ko’zda tutib, quyidagi asosiy taraqqiy bosqichlariga bo’lish mumkin:

  1. Eng qadimgi adabiy yodgorliklar
  2. X-XII asrlar adabiyoti
  3. XIII asr va XIV asr boshlaridagi adabiyot
  4. XIV asr o’rtalaridan XVII asrgacha bo’lgan adabiyot
  5. XVII asrdan XIX asrning o’rtalarigacha bo’lgan adabiyot
  6. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridagi adabiyot. Ayrim bosqichlarni yana ichki bosqichlarga – etaplarga ham ajratish mumkin. (Bu davrlashtirish “O’zbekiston SSR tarixi” kitobida berilgan davrlashtirish, madaniy-adabiy protsessninng o’ziga xosligini ko’zda tutib, ayrim bosqichlarning qo’shib berilganini mustasno qilsak, mos tushadi va unga tayanadi ham.)

Eng qadimgi adabiy yodgorliklar O’rta Osiyo territoriyasida qadim zamonlarda yashagan hamda o’zbek, tojik, turkman va boshqa xalqlarning asosiy etnik qatlami bo’lgan elat va qabilalarning ayrimlari, ayni chog’da, qo’shni xalqlarning ham adabiy yodgorliklaridir. Bu yodgorliklar hozir O’rta Osiyo territoriyasida yashayotgan barcha xalqlarning mushtarak madaniy yodgorligidir. X-XII asrlardagi turkiy tildagi adabiyot O’rta Osiyo va Sharqiy Turkiston (Sintzyan) turkiy xalqlarining mushtarak adabiy merosidir.

O’zbek adabiyotining taraqqiy bosqichlari ekspluatator sinflarning manfaatiga xizmat qilgan, islom ideologiyasini targ’ib etgan reaktsion adabiyotga qarshi kurashda progressive adabiyotning o’sib rivojlanganini, o’z davrining ilg’or qarashlarini ifodalab, xalq va mamlakat manfaatlariga xizmat qilganini, ilg’or ijtimoiy-falsafiy qarashlar taraqqiyotiga va adabiy tilning o’sishiga katta hissa qo’shganini ko’rsatadi.

Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasigacha o’zbek adabiyoti tarixi izchil va ilmiy asosda o’rganilgan va yoritilgan emas. Feodal-klerikal jamiyat tuzumi va islom dini reaktsiyasi bunga imkon bermas edi. Reaktsion feudal-klerikal doira ilg’or ilm-fanning, san’at va adabiyotning ashaddiy dushmani edi. U madaniyat rivojiga qarshi tish-tirnog’i bilan kurashar, xalqqa, kishilik taraqqiyotiga xizmat qilgan madaniyat boyliklarini yemirib tashlashga intilar, olimlarni, san’atkorlarni, yozuvchilarni ta’qib etar va jazolar, zo’r berib din va shariat dogmalarini targ’ib qilar edi. Maktab va madrasalar ham din va shariat qonun-qoidalariga muvofiqlashtirilgan edi. Bu xol ilm-fanning, jumladan adabiyotshunoslikning ham taraqqiy etishiga imkon bermas edi.

Lekin feodal o’rta asrning dahshatlariga qaramay, ilm-fanning turli sohalarida o’lmas asarlar, buyuk kashfiyotlar yaratib, jahon ilm-fani taraqqiyotiga katta hissa qo’shgan o’zbek xalqi adabiyotshunoslik sohasida ham ma’lum yutuqlarni qo’lga kiritdi, tajriba to’pladi. Adabiyot nazariyasi va adabiyot tarixiga, xususan, poetikaga doir birmuncha ishlar qilindi. Badiiy asarlar, teksti asosida lug’at kitoblari tuzildi, ba’zi bir asarlarning, chog’ishtirma teksti tuzildi, vazn, qofiya va boshqa masalalar bo’yicha adabiyot nazariyasiga doir asarlar yaratildi, tazkira -a antologiya, majmua va bayozlar ishlandi va hokazo. Navoiyning “Mezonul-avzon”, “Majolisun-nafois”, “Risolai muammo” asarlari, Bobirning aruz risolasi, Fazliyning “Majmuai shoiron” va Tabibiyning “Majmuatush-shuaro” kitoblari va boshqalar shular jumlasidandir. Bunday asarlar juda oz bo’lishi va ba’zilarining ayrim kamchilik va xatolari (sub’yektivizm, biografizm, estetik dogmatism va boshqalar)ga qaramay, o’z davrining adabiyotshunosligi, estetik tafakkuri taraqqiyotiga ma’lum hissa bo’lib qo’shildi. Shu bilan birga, turli xil tarix kitoblarida, memuarlarda va, xususan, badiiy asarlarda qisman bo’lsa-da, adabiyot nazariyasi va adabiyot tarixiga doir fikr-mulohazalar, ma’lumot va faktlar berilgan. Bularning barchasidan tanqidiy foydalanish o’zbek klassik adabiyotini o’rganish va yoritishga xizmat qiladi. Fors, tojik va arab tillarida yozilgan adabiyotshunoslik asarlari esa o’zbek adabiyoti bilan boshqa xalqlar adabiyoti o’rtasidagi aloqalarni, mushtarak o’rganish va yoritishga ma’lum darajada yordam beradi.

O’tmish sharqshunosligi ham o’zbek klassik adabiyoti masalalari bilan shug’ullandi. Rus va g’arb sharqshunoslari faktik material to’plash, bibliografiya tuzish, tekstologiya ishlab olib borish, turli asarlarni nashr etish va boshqa masalalar yuzasidan ma’lum muvaffaqiyatlarga erishdilar. Bunga rus olimi M. Nikitskiyning Navoiyning hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan ilmiy asarini, fransuz olimi Katrmerning “Muhokamatul-lug’atayn”ni nashr etishi va boshqalarni misol qilib ko’rsatish mumkin. Lekin burjua sharqshunosligi, xususan, imperialism va mustamlakachilik manfaatlariga xizmat qilgan sharqshunoslar o’zbek xalqining tarixini, uning madaniyatini, shu jumladan o’zbek badiiy adabiyotini buzib, soxtalashtirib tasvirladilar. Reaktsion burjua sharqshunosligi idealistic falsafaga va irqiy nazariyaga asoslanib, Sharq xalqlarini kamsitadi, ularni ilmiy fikrlashga, madaniy jamiyat yaratishga qodir bo’lmagan xalqlar deb tuhmat qiladi va bu bilan Sharq xalqlarini umrbod mustahmlakachilik kishanlariga giriftor qilmoqchi bo’ladi. Reaktsion burjua sharqshunosligi Sharq xalqlarining jahon madaniyati xazinasiga qo’shgan buyuk hissasini inkor qiladi yoki uni soxtalashtiradi. Reaktsion burjua sharqshunosligi kosmopolitizm qarashlarini, uning panislamizm, paniranizm va panturkizm kabi ko’rinishlarini zo’r berib targ’ib qiladi, bu bilan u Sharq xalqlarini imperialistik monopoliyalarga qaram qilmoqchi bo’ladi.

Gibb “Turk poeziyasi tarixi” asarida XV asrdagi O’rta Osiyo xalqalari adabiyoti haqida so’zlar ekan, bu adabiyotning butun ruhini tasavvuf mistitsizmi tashkil etadi, deydi. M. Belen, E. Braun va boshqalar o’zbek adabiyotini “eron adabiyotining mevasi” deb qaraydilar; “eron adabiyoti”ga esa, eron xalqi adabiyotidaan tashqari, turli xalqlar tomonidan fors-tojik tilida yaratilgan barcha adabiyotlarni kiritib yubordilar. Ularning da’vo qilishicha, Yaqin va O’rta Sharq adabiyoti taraqqiyotida muhim rol o’ynagan ulug’ o’zbek shoiri va mutafakkiri Navoiy “eron adabiyotining tarjimoni” emish. O’tmish ayrim rus sharqshunoslari ham shunday xatolarga yo’l qo’ygan edilar.

O’zbek xalqining revolyutsion taraqqiyot yo’liga, uning rus va boshqa qardosh xalqlar bilan internatsionalistik birodarligiga ashaddiy dushman bo’lgan burjua millatchilari ham o’zbek adabiyoti tarixini soxtalashtirishga intildilar. Ular Navoiy, Muqimiy va Furqat kabi so’z san’atkorlarini kamsitib, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg’oniy kabi mistik yozuvchilarni ko’klarga ko’tardilar.

Imperializmning malaylari bo’lgan hozirgi reaktsion burjua sharqshunoslari zo’r berib shovinizm va irqchilik nazariyasini davom ettirmoqdalar, ozod Sovet Sharqi xalqlariga, ularning tarixi va madaniyatiga tuhmat qilmoqdaalar, mustamlakachilik kishanlarini parchalab tashlab milliy ozodlikka erishayotgan Osiyo va Afrika xalqlarini kamsitish siyosatini davom ettirmoqdalar.

Shunday qilib, Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasigacha o’zbek klassik adabiyotini tekshirish va o’rganish sohasida nihoyatda oz ish qilingan edi. Shovinizm, irqchilik va kosmopolitizm qarashlarini ilgari surgan reaktsion burjua sharqshunosligi esa bu adabiyotni soxtalashtirishga, uning mustaqil taraqqiyot yo’li va progressive mohiyatini inkor etishga qaratilgan edi.

Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasi o’zbek xalqini ijtimoiy va milliy zulm kishanlaridan ozod qildi. Kommunistik partiya rahbarligi, rus va boshqa qardosh xalqlarning samimiy yordami tufayli O’zbekiston ilg’or sotsialistik respublikaga aylandi. U kollektivlashgan qishloq xo’jaligi, yuksak taraqqiy etgan sanoat va gullab-yashnagan sotsialistik madaniyat o’lkasiga, kommunizmning Sharqdagi mash’aliga aylandi.

Sovet tuzumigina o’zbek xalqiga uning asrlar davomida, feodal-klerikal zulmi ostida yaratgan madaniyat boyliklarini egallash, undan ijodiy foydalaish hamda ilm-fan, san’at va adabiyotning eng yaxshi durdonalarini sotsialistik madaniyat xazinasiga qo’shish imkoniyatini berdi. Sovet tuzumigina o’zbek xalqi ma’naviy madaniyatining katta boyligi bo’lgan badiiy adabiyotini ilmiy asosda izchil va keng tekshirish, o’rganish va yoritishga imkon yaratdi. Bu o’rinda ulug’ o’zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi munosabati bilan “Pravda” gazetasi bosilgan quyidagi gaplarni eslatib o’tish muhimdir:

“… Navoiy besh asrdan beri o’zbek xalqining iftixori bo’lib keldi, lekin uning qimmatli go’zal asarlarini o’qish faqat endi, Sovet hokimiyati zamonidagina, har bir o’zbek ishchisi va dehqoniga muyassar bo’ldi. Sovet hokimiyati o’zbek xalqini savodli qilib, madaniyatning bu ulug’ samarasidan uni bahramand qildi.

… Navoiy singari madaniyati quyoshlarining ijodlari ko’pchilik mehnatkash xalq ommasiga muyassar bo’ldi va Navoiy kabi ulug kishilarning nomlari xalq uchun juda qimmatli bo’lib qoldi” (“Pravda”, 1948 yil, 15 may).

Ulug’ Oktabrda sotsialiastik revolyutsiyasigacha o’zbek xalqi deyarli yoppassiga savodsiz edi. U klassik yozuvchilarning asarlarini o’qish va o’rganish imkoniyatidan mahrum edi. Kotiblaar tomonidan ko’chirilgan va bosmaxonalarda nashr etilgan (XIX asrning 70-yillaridan boshlab) kitoblar kitobxonlarning ehtiyojini qondirmas edi. Sovet hokimiyati davrida o’zbek xalqi umrbod savodsizlik balosidan qutuldi, kitob har bir xonadonning uyidan keng o’rin oldi. O’zbek kitobxoni ota-bobolari yaratgan badiiy adabiyot boyliklarini o’qish va o’rganish imkoniyatiga ega bo’ldi. Revolyutsiyaning dastlabki yillaridan boshlaboq o’zbek adabiyoti asarlari keng miqyosida nashr etila boshlandi. O’tgan davr ichida o’zbek klassik yozuvchilarining asarlari qayta-qayta nashr etildi, xrestomatiya va antologiya tuzildi. O’zbek adabiyoti tarixining nodir asarlari tarjima qilinib, rus va boshqa qardosh xalqlarning kitobxonlariga manzur bo’lmoqda.

Sovet tuzumi o’zbek adabiyoti tarixi asarlarini keng ommalashtirishgagina emas, balki uni chuqur ilmiy asosda o’rganish va yoritish uchun ham barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Ulug’ Oktabr sotsialistik revolyutsiyasi va lenincha milliy siyosatning samarasi sifatida o’zbek adabiyoti tarixi fani vujudga keldi. Bu fan marksizm-leninizm nazariyasi asosida vujudga kelgan va o’tmishdagi adabiyotshunoslikning eng yaxshi traditsiyalarini takomillashtirgan sovet adabiyotshunosligining uzviy bir qismidir.