O’zbeklar: Turmush tarzi va madaniyati

Muqaddima

“Jamiyatning eng oliy boyligi bo’lgan xalq – abadiy qadriyatlarni, qudratli salohiyatni o’zida jamlagan. Bu salohiyatni yuzaga chiqarish jamiyatimizni rivojlantirish va taraqqiy ettirishning kuchli omili bo’lib xizmat qiladi”. Islom Karimov

O’zbek xalqining kelib chiqish, etnik tarixi va xususiyatlari nihoyatda murakkab va uzoq davrni qamrab oladi. Antik zamonlarda yuksak madaniyat yaratgan iste’dodli, zahmatkash ajdodlarimiz, o’rta asrlarga kelib ilk Uyg’onish, ya’ni Sharq Uyg’onishi davrini boshdan kechiradilar. Ayniqsa, buyuk xorazmshohlar va temuriylar hukmronlik qilgan asrlarda o’zbeklarning etnik qiyofasi qadimiy tsivilizatsiya zaminida shakllanib bitgan edi. Bunday jarayonning oqibatida o’ziga xos moddiy va ma’naviy madaniyat yuzaga kelgan va o’zining milliy xususiyatlarini hozirgacha asosan saqlab qolgan.

Yurtboshimiz Islom Karimovning ta’rificha, xalq – o’zining ming yillik an’ana va tajribalari, so’nmas xotirasi va buyuk tuyg’ulari bilan yashab kelayotgan qudratli kuch. Xorazmshohlar va temuriylar saltanati davrida xalq shaklida tarix sahnasida paydo bo’lgan o’zbeklar ajoyib siymolari bilangina emas, balki so’nmas zo’r tarixiy xotirasi, yuksak ruhiyati va ma’naviy madaniyati, noyob hayotiy tajribasi bilan ham hozirgi zamonaviy tsivilizatsiyani yaratishdagi eng faol bunyodkor etnoslardan biri desa bo’ladi. Uning etnos sifatida to’la shakllanishi ham Sharq Uyg’onishining oxirgi mahsuloti hisoblanadi. Shuning uchun o’zbek xalqining etnik tarixini o’rganish jahon tsivilizatsiyasi tarixini o’rganish bilan uzviy bog’liq.

Mustaqillik tufayli yangicha boshlangan davlat qurilishi o’lkamizda nafaqat umuminsoniy qadriyatlar va siyosiy-huquqiy ta’limotlar, balki o’zimizning juda boy o’tmish tajribamiz asosida to’plangan noyob g’oyaviy merosimizga suyangan holda amalga oshirilmog’i lozim. Biz endi o’zimizni ilg’or mamlakatlarda keng tarqalgan va amal qilinayotgan davlatni boshqarish siyosatini, qonunchilik va huquqshunoslikni qabul qilish bilan birga, faqat o’zbek eliga xos tarix sinovidan o’tgan milliy mintalitet, ijobiy tajriba, qonun-qoidalar va tartib-tuzuklar, milliy madaniyat va ma’naviyat, axloq, odob va odat, o’z-o’zini boshqarish kabi qadimiy an’analarimizni har tomonlama o’rganib hayotga tatbiq qilishimiz lozim.

Barcha etnoslar, jumladan, o’zbeklar ham, ayrim qabila va urug’lar, qavm-qarindosh va jamoa, ijtimoiy guruhlar va tabaqalardan tashkil topgan. Olimlar mazkur birliklarni yaratishda va ularni o’zaro qo’shib, jipslashtirishda asosiy omillardan eng muhimi milliy til deb biladilar. Chunki muayyan etnik birliklarning bir-biri bilan erkin munosabatda bo’lishi, muomala qilishi, his-tuyg’ularini izhor etishi va tushunishi, iqtisodiy va madaniy aloqalar o’rnatishda til bosh omil hisoblanadi. Chunki til tufayli nafaqat tarixiy birlik, balki umumiy ijtimoiy-iqtisodiy, ayniqsa, madaniy va ma’naviy birlik o’rnatiladi. Ko’pchilik xalq va elatlarga nom ham ularning tiliga qarab berilgan. Ammo ko’p asrlik tarixiy jarayonda ayrim etnoslar bir necha tillarni o’zlashtirib, oqibatda, o’ziga xos milliy tilni yaratadi.

Ma’lumki, xalqlar muayyan hududda shakllanadi va rivojlanadi. Albatta, ular bir hududdan ikkinchisiga ko’chishi, ularning joylashgan yeri kengayishi yo kamayishi, ayrim guruhlar yoki shaxslar ajralib ketishi mumkin. Ammo, umumiy-tarixiy birlikka va tilga ega bo’lgan elatlar doimo o’zaro yaqin hududda joylashib yashaganlar. Turli sabablarga ko’ra uzoq tarixiy davrda shakllanib kelgan etnoslar ona yerini tashlab juda uzoq yurtlarga ko’chibgina qolmay, ayrim qismlari yoki guruhlari butun Yer yuziga tarqalib, boshqa xalq va elatlar orasida musofirlikda yashashga ham majbur bo’lganlar. Ko’p asrlik tarixiy taraqqiyot davomida ayrim xalqlar, hatto bir joydan ikkinchisiga ko’chib, turar joylarini bir necha marta o’zgartirib ham turganlar. Masalan, vengrlar keyingi ming yil ichida uch-to’rt marta hududini o’zgartirganlar. Turk xoqonligi o’z davlatini tashkil qilganidan keyin (VI asr) bir necha asr davomida katta-katta guruhlarga ajralib, ko’plab yurtlarga tarqab ketganlar. Arablar esa avvaliga kichkina Arabiston esa avvaliga kichkina Arabiston yarim orolining bir burchagida yashab, qisqa muddat ichida keng hududga tarqalib, islom madaniy dunyosining shakllanishida mahalliy elatlar bilan birgalikda katta xizmat qilganlar. Shuning uchun ham jahonda bir tildagi, ammo har xil nomdagi xalqlar ko’p uchraydi. Masalan, ingliz, ispan, arab, turk, eroniy tillarda gapiradigan, ammo turli nomdagi xalq va elatlar butun dunyoga tarqalgan.

Ba’zi tadqiqotchilar maishiy turmush va madaniyatiga qarab muayyan elat va xalqlarni ajratadilar. Vaholanki, bir xil turmush tarziga ega bo’lgan bir necha etnoslar ham bo’lishi mumkin. Bunday elatlar O’rta Osiyoda yoki Volga bo’yida, Sibirda yoki Shimoliy Amerikada uchraydi. Aksincha, tillari har xil, xo’jalik-madaniy turmushi o’xshash xalq va elatlar ham bir hududda joylashgan bo’lishi mumkin. Ovchilik, bug’uchilik bilan shug’ullanuvchi, sug’orma dehqonchilik bilan tirikchilik qiluvchi turli til va irqdagi elatlarni biz Afrikada, Osiyo va Amerikada uchratamiz. Shuni alohida qayd qilish lozimki, O’rta Osiyo va Qozog’iston xalqlari uzoq va murakkab mashaqqatli tarixiy jarayonning mahsuli bo’libgina qolmay, ular ma’naviy madaniyat va hissiyot tuyg’ulari bilan ham nihoyatda chirmashib ketgan muayyan mintaqada shakllangan o’ziga xos etnoslardir. Bu xalqlarning etnik xususiyatlari va umumiy belgilarini aniqlash uchun dastavval tarixning ayrim sahifalarini varaqlash zarur. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, uzoq o’tmishda 3-4 ming yillar muqaddam O’rta Osiyoning saxovatli tuprog’idan g’arbdan sharqqa tomon qadimiy hind-yevropa tillarida gapiradigan turli qabilalar Oltoy va Mo’g’uliston tomon ko’chib o’tgan. Miloddan avvalgi 1 ming yillikning oxiridan boshlab sharqdan g’arbga tomon Buyuk dasht orqali katta ko’chish jarayoni ro’y beradi. Dastlab turkiy tilda gapiradigan qadimiy-qabilaviy birliklar o’tgan 1 ming yillikning o’rtalarigacha ko’chib o’tgan va ular etnik jihatdan sezilarli iz qoldirgan. Turkiy elatlarning besh-olti asr davom etgan ko’chishida ayrim mo’g’ul qabilalarining ko’chib o’tishi (migratsiyasi) ham ro’y bergan. O’sha vaqtlarning o’zida O’rta Osiyoda ilgaridan ayrim mo’g’ul qabilalarining mavjudligi diqqatga sazovordir. VII asrga kelib O’rta Osiyoni bosib olgan arablar etnik jarayonga ta’sir qilmasa-da, islom dini hukmronligini o’rnatgan.

Etnogenetik muammolar va o’zbek eli shajarasi

O’zbeklarning moddiy madaniyati xususiyatlari

Aholi joylanishi, uy qurilishi va jihozlanish an’analari

Milliy kiyim-kecha, bezaklar va pardoz-andozlar

O’zbek taomlari, pazandachilik va mehmonnavozlik

Ijtimoiy va oilaviy-maishiy turmush

Xalq bayramlari, o’yin va marosimlari

Diniy tasavvurlar, urf-odatlar va irimlar

O’zbek milliy madaniyati va ma’naviyati

Xalq teatri va milliy raqslar

An’anaviy o’zbek hunarmandchiligi va bozor iqtisodi