Toksikologiya

Toksikologiya (Yun. toxikon zahar va …logiya) — tibbiyot sohasi; zaharli moddalarning fizik va kimyoviy xususiyatlari, ularning tirik organizmlarga ta’siri mexanizmi, zaharlanish alomatlarini o’rganadi. Zaharlanishning oldini olish va davolash vositalarini, shuningdek, zaharlarning kichik dozalarda davo ta’siriga ega ekanligini aniqlash va undan foydalanish yo’llarini izlab topish ishlari bilan shug’ullanadi. T. ning asosiy maqsadi, asosan, etiologiyasi kimyoviy omil hisoblanadigan noepidemik kasalliklarning kelib chikish sabablarini aniklash, oldini olish va davolash hamda moddalarning inson organizmiga uzoq muddat davomida zararli ta’sirini o’rganish va bartaraf etishga karatilgan. T. kommunal gigiena fanining asosiy bo’limlaridan bo’lib, tibbiyot oliy o’quv yurtlarining tibbiy profilaktika ftlarida o’qitiladi. T.ning fan sifatida rivojlanishida Sh.T.Otaboev, T. I.Iskandarov va b.ning hissasi katta. O’zbekiston olimlari tomonidan hayvonlar ustida o’tkazilgan tajriba natijalariga asoslanib moddalarning zaharliligi va xavfliligini bag’olash bo’yicha tasnif ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, zaharli moddalarning organizmga tushish yo’llari, o’limga olib boruvchi o’rtacha dozasi (kontsentrasiyasi) va b.ni bir-biriga bog’lagan holda xavflilik sinflariga bo’lish tavsiya qilingan. “O’zbekiston Respublikasi Davlat sanitariya nazorati to’g’risida”gi qonunga asosan, hukumatimizning toksikologiya sohasidagi mutaxassis olimlari (sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy tadqiqot inti, II toshti kommunal gigiena kafedrasi va Markaziy ilmiy tadqiqot lab. toksikologiya bo’limi xodimlari) tomonidan barcha yangi kimyoviy moddalarning zaharlilik va xavflilik darajalari o’rganiladi. Mac, fosgen kislotasi birikmalarining zaharlilik darajasi, ularning kimyoviy tuzilishiga bog’liqlik qonuniyatlari aniqlandi (g.T. Iskandarova). Mazkur qonuniyatlarga muvofiq, kimyogar va biolog olimlar hamkorligida kam zaharli va yuqori samarali defoliantlar ishlab chiqildi.