Teleskop
Teleskop (tele… va …Yun. skopeo — qarayman) — osmon yoritqichlarini vizual, fotografik, fotoelektrik va spektral usullarda kuzatish uchun mo’ljallangan astronomik optik asbob. T. Oy, sayyoralar va yulduzlarning tasvirini kattalashtirib ko’rsatadi. Ishi osmon yoritqichlari tarqatadigan elektromagnit nurlanishlarni tutishga asoslanadi. T.lar gamma T., rentgen, ultrabinafsha, optik, infraqizil va radioteleskop kabi turlarga bo’linadi. Optik tizimiga ko’ra, refraktor, reflektor, ko’zgulinzali tizim va b. deb ataladi (linzalardan yig’ilgan ob’ektivli T. refraktor, botiq ko’zgulardan yigilgan ob’ektivli T. reflektor deyiladi). T. ob’ektivi tushiradigan tasvirning masshtabi ob’ektivning fokus masofasiga, ya’ni yorug’lik yig’uvchi ob’ektiv bilan yoritqich tasviri hosil bo’ladigan nukta orasidagi masofaga mutanosib bo’ladi. O’zbekiston FA Astronomiya intida O’rta Osiyoda yagona, ko’zgusining diametri 1,5 m bo’lgan T. va ko’p uyali yorug’lik matrisasiga ega bo’lgan Quyosh T.i bor (2004).