YON CHIZIQ

YON CHIZIQ (linea lateralis), yon organlar — suvda yashovchi tuban umurtqasiz hayvonlar (to’garak og’izlilar, suvda va quruqlikda yashovchilarning itbaliq davri) dagi sezgi organlari sistemasi. Tananing har ikki yoni va bosh qismida joylashgan. Yon chiziq maxsus ion tarkibga ega bo’lgan suyuqlik bilan to’lgan naychalar — ampulalardan hamda ular sirtida joylashgan epidermal organlardan iborat. Yon chiziq organlarining asosiy qismini eshitish organi va vestibulyar apparat sensor hujayralariga o’xshash sezgir tukli hujayralarga ega bo’lgan nevromast tashkil etadi. Afferent va efferent nerv tolalari ana shu nevromast retseptor hujayralarida shoxlangan bo’ladi. Retseptorlar suv oqimi va muhitning past chastotali tebranishi ta’sirida qo’zg’alish paydo bo’ladi. Yon chiziq organlari suv oqimi yo’nalishi va tezligini sezadi. Hayvonlar Yon chiziq yordamida ko’rish organisiz ham suvda o’z yo’lini topadi, to’siqlarni sezib aylanib o’tadi. Ayrim to’garak og’izlilar va ko’pchilik baliqlarning Yon chiziq organlari o’ziga xos tuzilgan juda sezgir elektroretseptorlarga ega.