YORKEND ZILZILASI
YORKEND ZILZILASI Xitoyning Sintszyan Uyg’ur Muxtor rayoni Yorkend vohasida 1897 yil 22 avgustda ro’y bergan. Markaziy Osiyoda sodir bo’lgan eng kuchli zilzilalardan. Bu zilzila oqibatida Yorkend, Qashqar shahri va unga yaqin joylashgan boshqa shahar va qishloqlar vayronaga aylangan. Zilzilani boshidan kechirgan odamlarning taxmini bo’yicha bu tabiiy ofat natijasida 6-7 ming kishi halok bo’lgan. Yorkend zilzilasi tebranish kuchi episentrda taxminan 9-10 ball, magnitudasi 8,1 dan ziyod ekanligi qayd qilingan. Yer silkinishi bir yil davomida 9 marta takrorlanib, kuchi 7-8 balldan, magnitudasi 6 dan oshgan. Silkinishlar kuchi Olmaotadan tortib Andijon, Toshkent, Samarkandgacha sezilgan. Yorkend zilzilasiga Farg’ona tizmasining Sharqiy qismida joylashgan Talas Farg’ona yer uzilmasi sabab bo’lgan.