YOG’OCHGA ISHLOV BERISH JIHOZLARI

YOG’OCHGA ISHLOV BERISH JIHOZLARI — yog’ochga zarur shakl va o’lcham berishda qo’llaniladigan asbob hamda stanoklar. Ularning yordamida yog’ochdan turli xil materiallar va yarim fabrikatlar (taxta, brus, faner, qipik, plitalar, yog’och plitalar va boshqalar), buyum hamda qurilmalarning detallari (mebel, vagon, kema va boshqalar yasash uchun); tayyor buyumlar (deraza, eshik, muzika asboblari, mebel va boshqalar) tayyorlanadi. Yog’och ishlov berish jihozlari bilan yog’och arralanadi, tilinadi, teshiladi, frezalanadi, silliklanadi, yo’niladi, randalanadi, o’yiladi, kesiladi va yoriladi. Ular dastaki va mexanik xillarga bo’linadi. Dastaki asboblarga arralar, randalar, iskana, Burgi, drellar (parmalar to’plami bilan), jilvirlar va boshqalar kiradi. Ular ustaxonalarda, qurilish maydonlarida, ishlab chiqarish korxonalarida qo’llaniladi. Mexanik Yog’och ishlov berish jihozlari, asosan, stanokka yoki mashinaga o’rnatib ishlatiladi. Bajaradigan ish turiga kura ular yog’och kesish, tilish, egish, yig’ish, yelimlash va pardozlash asbob hamda jihozlariga bo’linadi. Yog’och detallarni yig’ish uchun dastaki, elektr va pnevmatik asboblardan foydalaniladi. Sanoatda yog’och kesish, tilish, randalash, egish, bukish stanoklari keng tarqalgan. Bu stanoklar bilan zarur o’lcham va shakldagi yog’och zagotovka, detal hamda buyumlar tayyorlanadi. Yog’och kesish va tilishda arra; frezalashda — freza; randalashda — randa; parmalashda — Parma; o’yishda — o’ygich; silliqlashda — jilvir va boshqalardan foydalaniladi. Yog’ochdan chiqqan qipiq va payrahadan boshqa materiallar (masalan, plitalar) ishlab chiqarishda foydalanish mumkin. Yog’ochga ishlov berish stanoklari arrali stanoklar; ilgarilanma qaytma harakatlanadigan yoki qo’zg’almas pichoqli randalash stanogi; detallarga doiraviy keskich bilan ishlov beradigan frezalash stanogi; teshik yoki o’yiqlar ochish uchun ishlatiladigan parmalash stanogi; fanerlar, gugurt cho’plari, gugurt qutilari va boshqalar tayyorlaydigan yo’nish stanoklari; yumaloq shaklli detallar tayyorlaydigan tokarlik stanoklari; detallarni silliklash uchun ishlatiladigan jilvirlash stanoklaridan iborat. Egish stanoklari chang’ilar, mebellar yasash uchun yog’ochni egib beradi. Yelimlab yig’ish stanoklariga yelim surkash, shchit yig’ish stanoklari, uzel va buyumlarni yig’ish qurilmalari, pardozlash stanoklariga bo’yash, qoplama (himoya va bezak) qoplash va jilolash mashinalari kiradi. Ko’p qatlamli fanerlar, yog’och plitalar, yog’och plastinalar yasash uchun yog’ochni zichlashda presslar ishlatiladi.