BAGAMA OROLLARI
BAGAMA OROLLARI (Bahamas), Bagama orollari Hamdo’stligi (Commowealth of the Bahamas) — Markaziy Amerikadagi davlat. Karib dengizida, Florida yarim orolining Janubi- sharqida. 700 oroldan iborat Bagama arxipelagida joylashgan. Maydoni 13,9 ming kilometr kvadrat. Aholisi 284 ming kishi (1996). Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 16 kishi. Ularning 80% negrlar va duragaylar. Aholining 58% shaharlarda yashaydi. Mamlakat poytaxti — Nassau shahri. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlarning aksariyati protestantlar. Davlat tuzumi. Bagama orollari — Konstitutsiyaviy monarxiya. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. Davlat boshlig’i Angliya qiroli (qirolichasi), uning nomidan general-gubernator ish yuritadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali (Senat va majlislar palatasi) parlament. Ijrochi hokimiyat general-gubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Tabiati. Bagama arxipelagi, asosan, marjon orollardan iborat. Yer yuzasi — tekislik, aksariyati toshtuz, ohaktosh va gipslardan tarkib topgan. Iqlimi — tropik, passat. Yanvarda o’rtacha harorat 20, 22°, iyulda 28°. Yiliga 1100-1700 millimetrgacha yog’in yog’adi. Maydan oktabrgacha yog’ingarchilik ko’p bo’ladi. Tez-tez dovullar bo’lib turadi. Sho’r ko’llar ko’p. Tuprog’i laterit toifasiga oid. Doim ko’m-ko’k tikanli butalar, qarag’ay o’rmonlar, sohilda kokos yong’og’i o’sadi. Qushlar ko’p. Atrofdagi dengizlar baliqqa boy. Orollarda ohaktosh, tuz va argoniy qazib olinadi, neft konlari qidirilmoqda. Tarixi. Bagama orollari tub joy aholisi indeyslar bo’lgan. 1492 yil X. Kolumb ekspeditsiyasi yangi dunyoga yetib kelib, arxipelagning Sharqiy orollaridan biriga tushgan va uni ispanlar San-Salvador deb ataganlar. Bagama indeyslarining taqdiri fojiali bo’lgan. Ispanlar ularni Kuba va Espanolu (Gaiti)ga olib borib, ruda konlarida ishlatishgan. Ular shu yerlarda qirilib ketishgan. 1629 yil inglizlar orollarni bosib olganida bu yerda aholi yo’q edi. 1782 yil Bagama yana ispanlar tomonidan bosib olindi. Ammo 1783 yildan u butunlay Angliya mustamlakasiga aylandi. 17-18 – asrlarda ko’pgina inglizlar o’zlarining negr qullari bilan birga bu yerga ko’chib keldilar va plantasiya xo’jaligini rivojlantira boshladilar. 19 – asr oxirlaridan Bagamaga AQSh ishbilarmonlari kela boshladilar, lekin sarmoyani sarflaydigan ish topa olmadilar. 1946 yildan sayyohlar yopirilib kela boshladi, 50 – yillar oxiriga kelib, ularning oqimi ayniqsa kuchaydi. Bagama orollari AQSh va Yevropaning qishki oromgohi bo’lib qoldi. Bu yerda ulkan mehmonxonalar, ko’ngilochar muassasalar qurildi. Soliq sohasidagi imtiyozlarga qiziqqan Amerika kompaniyalari sayyohlikni rivojlantirishga katta mablag’sarfladi. Keyinchalik ko’pgina xorijiy bank va firmalar o’z ofislarini ochishdi. Bagama orollari G’arbiy yarim sharning yirik moliyaviy markazi bo’lib qoldi. 1964 yilda Buyuk Britaniya Bagama orollariga ichki mustaqillik berishga majbur bo’ldi. 1973 yilda Bagama orollari mustaqil deb e’lon qilindi. Bagama orollari 1973 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami 10 iyul — Mustaqillik kuni. Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Ilg’or Liberal partiya, 1953 yilda tuzilgan; Erkin milliy harakat, 1972 yilda tuzilgan; Bagama orollari Hamdo’stligi kasaba uyushmalari Kongressi. Xo’jaligi. Bagama orollari — agrar mamlakat. Iqtisodiyotning asosi — plantasiya dehqonchiligi. Qishloq xo’jaligi oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojning atigi 25% ni qondiradi. Apelsin, banan, ananas, mango, pomidor, bodring, shakarqamish, sizal yetishtiriladi. Qo’y, qoramol, echki, cho’chqa, uy parrandasi boqiladi. Baliq, dengiz jonivorlari ovlanadi. Iqtisodiy faol aholining yarmidan ko’prog’i sayyohlarga xizmat ko’rsatish bilan band. Katta Bagama orolidagi neftni qayta ishlash zavodi yiliga 25 million tonna neftni qayta ishlaydi. Bagama importining 85% ni xom neft tashkil etsa, eksportining 90% neft mahsulotlaridan iborat. Bagama orollarida tsement va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Asosiy dengiz porti — Nassau shahri. Mamlakat doridarmon, tsement, rom, tuz ham eksport qiladi; asbob-uskuna, transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan sotib oladi. AQSh, Buyuk Britaniya va Kanada bilan tashqi savdo munosabatlari olib boradi. Pul birligi — Bagama dollari. Bagama orollarida “Nassau Gardian” (“Nassau posboni”, 1844 yildan), “Nassau Deyli Tribyun” (“Nassau minbari”, 1903 yildan) gazetalari, “Ofishl gazett” (“rasmiy gazeta”) hukumat haftanomasi, “Bexamian revyu megezin” (“Bagama sharhi”, 1952 yildan) jurnali chiqadi. 1936 yilda radio va teleko’rsatuvlar kompaniyasi tashkil etilgan.