BAVOSIR

BAVOSIR, gemorroy — to’g’ri ichakning pastki qismi, xususan orqa chiqaruv yo’li venalarining tugun-tugun bo’lib kengayishi. Intoksikasiya, allergiya, mexanik ta’sirotlar: venalarning o’sma, ayollarda homilali bachadon bilan ezilishi, uzoq muddat oyoqda yurib yoki o’tirib ishlash, ovqatga ruju qilish, alkogolizm, surunkali qabziyat, shuningdek ichki a’zolarning turli kasalliklari va boshqalar sabab bo’ladi. Bavosir avj olishida irsiy moyillik ham ma’lum ahamiyatga ega. Kechishiga ko’ra o’tkir, surunkali, qaytalaydigan, tugunlar orqa chiqaruv teshigida joylashishiga qarab tashqi, ichki va aralash xillari tafovut qilinadi. Orqa chiqaruv yo’li sohasida biror narsa tiqilgandek og’irlik, achishish, qichishish, ba’zan hojat chog’ida og’riq kuzatiladi; keyinchalik gemorroidal qon ketishi mumkin (najasda qon bo’ladi). Agar Bavosirda gemorroidal tugunlar tiqilib qolsa yoki yallig’lansa, qattiq og’riq beradi, harorat ko’tariladi, qabziyat kuzatiladi. Vaqtida oldi olinmasa, uzoq vaqt qon ketib yurishi — kamqonlikka, ichki gemorroidal tugunlar tushishi yoki qisilishiga olib keladi. Bavosirni davolashda vanna qabul qilish, og’riq qoldiruvchi shamcha qo’yish tavsiya etiladi, parhez buyuriladi. Og’irroq hollarda jarrohlik usuli qo’llaniladi. Bavosirning oldini olish uchun qabziyatga yo’l qo’ymaslik; hojatdan keyin orqa chiqaruv teshigi sohasini iliq suv bilan yuvishga odatlanish, kam harakat kishilar badan-tarbiya bilan shug’ullanishlari lozim.