BADIIY KO’RGAZMALAR

BADIIY KO’RGAZMALAR – san’at asarlarini ommaviy namoyish etish shakli. Ko’rgazma maxsus qurilgan yoki moslashtirilgan binolar (masalan, muzey, madaniyat saroylari zallarida, teatr, kinoteatr, jamoat binolari foyelarida va shu kabi joylar) da uyushtiriladi. Tomoshabinni asarlar (hozirgi davr san’ati, badiiy meros) bilan tanishtirishning asosiy shakllaridan, ba’zan san’at asarlari savdosini uyushtirish maqsadida ham tashkil etiladi. Badiiy ko’rgazmalarning xalqaro, milliy, mintaqaviy turlari farqlanadi; ko’chma va turg’un, doimiy yoki davriy, bir kishining ijodidan yoki ma’lum guruh, maktab, yo’nalish, davr, mamlakat san’ati namunalaridan iborat bo’lishi mumkin. Ko’rgazmaga qo’yilayotgan asarlar avvaldan tayinlangan kishilar yoki hay’at a’zolari tomonidan (janr, san’at turi, mavzui va boshqalarga qarab) tanlab olinadi. Badiiy ko’rgazmalar qo’mitasi san’at asarlarini jamlash, ularni joylashtirish, ko’rsatkichlar tuzish va nashr ettirish, ekskursiyalar, ma’ruzalar va boshqalarni uyushtirish kabi vazifalarni amalga oshiradi. Badiiy asarlar dastlab Yunonistonda (miloddan avvalgi 6 – asrdan), Italiyada (15-16-asrlar), Gollandiya, Flandriya (17 – asr) va boshqalarda tomoshabinlarga ko’rsatila boshlangan. Hozirgi mazmundagi Badiiy ko’rgazmalar Frantsiyada paydo bo’lgan: maxsus binolar qurilgan, rassomlar Luvr (1699) da o’z asarlarini namoyish etganlar, shu tarzda Parijda ko’rgazmalar tashkil qilish boshlangan. Badiiy akademiyalar tomonidan ko’rgazmalar tashkil qilish yo’lga qo’yildi. 19 – asrga kelib Badiiy ko’rgazmalar uyushtirish ishlari takomillashdi (ko’rsatkichlar tuzildi, ular ko’p nusxada nashr etildi, mualliflar haqida qisqa ma’lumotlar berildi). 19 – asr boshlarida Parij, Londonda xalqaro ko’rgazmalar uyushtirilgan; 19 – asr 2 – yarmida rasmiy Badiiy ko’rgazmalar bilan bir qatorda norasmiy ko’rgazmalar (masalan, Parijdagi “Xo’rlanganlar saloni”, 1863) ham tashkil etilib, ularda salon — akademizm san’atiga realistic san’at, yangi badiiy ifoda vositalarini izlash qaramaqarshi qo’yilgan. O’zbekistonda dastlabki ko’rgazmalar 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida tashkil etila boshlandi. Jumladan, 1911 yil “L.L.Bure karikaturalari” ko’rgazmasi tashkil etilgan. 1928 yilda o’zbekistonlik rassomlarning ko’rgazmasi uyushtirildi, unga ko’rsatkich tuzildi va nashr etildi. 1930 – yillardan boshlab respublika, shahar ko’rgazmalarini tashkil etish an’anaga aylandi. O’zbekiston rassomlari xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok eta boshladi (Parij, 1937, Nyu-York, 1939). Muhim sanalar (Mustaqillik kuni, Navro’z ayyomi va boshqalar), yubileylarni nishonlashga bag’ishlangan Badiiy ko’rgazmalar tashkil etish an’anaga aylandi.