BAJAN MIKOLA

BAJAN MIKOLA (taxallusi; asl ismi Nikolay Platonovich) (1903. 26. 9, Kamenes-Podolskiy — 1983.5.6, Kiyev) — ukrain shoiri va jamoat arbobi. Ukraina Fanlar Akademiyasi akademigi (1951), O’zbekiston xalq shoiri (1968), Ukrainada xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1966). Ukraina entsiklopediyasi bosh muharriri (1958— 83). “O’n yettinchi soqchi” ilk she’riy to’plami 1926 yilda bosilgan. “Saflanish” (to’plam, 1929), “Gofman tuni” (1929), “So’qirlar” (1929 -32) kabi tarixiy asarlarida yaxshilik bilan yomonlik o’rtasidagi ziddiyat aks etgan. 20-yillarda futurizm va konstruktivizm ta’sirida ijod qila boshlagan, lekin tez orada realistik she’r va dostonlar yozishga kirishgan. Bajanning “Angliya taassurotlari” (1948), “odamlarO kitoblar, sanalar” (1968), “O’ylar va xotiralar” (1983) kabi asarlari xalqlar do’stligi, tinchlik uchun kurash mavzuida. Bajan 1930, 1941 – 42 yillarda O’zbekistonda yashagan, taassurotlari “O’zbekiston she’rlari” (1942) turkumiga kirgan she’rlarda aks etgan. Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonini ukrain tiliga tarjima qilgan (1947). Asarlari o’zbek tilida nashr etilgan.