“O’ZBEKISTON MILLIY ENTSIKLOPEDIYASI” DAVLAT ILMIY NASHRIYOTI

“O’ZBEKISTON MILLIY ENTSIKLOPEDIYASI” DAVLAT ILMIY NASHRIYOTI — ko’p jildli O’zbekiston milliy entsiklopediyasi (O’zME), soha entsiklopediyalari, izohli va ko’p tilli lug’atlar, ma’lumotnomalar tayyorlash va nashr etishga ixtisoslashgan ilmiy-ma’rifiy muassasa. Nashriyotning dasturiy yo’nalish faoliyatiga, shuningdek, o’zbek xalqining boy tarixiy, madaniy va adabiy merosiga, milliy qadriyatlarga oid, tibbiyot, sog’lom avlod, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport, turizmga doir ilmiy, ilmiy-ommabop, badiiy adabiyotlar, o’quv darsliklari hamda o’quv qo’llanmalarini nashr etish ham kiradi. Toshkent shahrida joylashgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 20 martdagi qarori bilan tashkil etilgan. Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 11 iyundagi qarori asosida nashriyotga Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti va Abu Ali ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti qo’shilishi munosabati bilan qayta tashkil etilgan. O’zbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tizimida. Nashriyotda 11 ta ilmiy tahririyat va bo’lim, shuningdek, o’quv adabiyotlari va tezkor nashrlar tahririyati, sport va turizm tahririyati, ishlab chiqarish, dizayn va kompyuter va boshqalar xizmat bo’limlari bor. Nashriyotga ilmiy-metodik rahbarlikni jamoatchilik asosida ishlaydigan Bosh tahrir hay’ati (universal entsiklopediyaga) amalga oshiradi. Uning tarkibiga yirik olimlar, jamoat arboblari, nashriyot rahbarlari kirgan. Bosh tahrir hay’ati O’zMEning g’oyaviy, ilmiy, tahririy va badiiy darajasini oshirishda, maqolalar mezonyni belgilashda, so’zliklarni tasdiqlash, murakkab va munozarali masalalarni hal etishda qatnashadi, har bir jild materiallarini nashrga tavsiya etadi. Nashriyot ilmiy tahririyatlari huzurida fan sohalari bo’iicha ilmiy-maslahat kengashlari ham tuzilgan. Ularning a’zolari Bosh tahrir hay’ati a’zolari rahbarligida ishlaydi hamda muayyan sohaning so’zligi va maqolalarini ko’rib chiqib, tasdiqlaydi. Nashriyot o’tgan davr mobaynida 60 dan ortiq nomda turli fan sohalari bo’yicha entsiklopediyalar va izohli lug’atlar, ma’lumotnomalar, lug’atlar, ommabop kitoblar nashr etdi. Bular orasida “O’zbekiston Respublikasi”, “Toshkent” (rus va o’zbek tillarida), “Paxtachilik” (2 jildli, rus tilida), “Uy-ro’zg’or”, “Salomatlik entsiklopediyalari”, “Hadis” (1—4 jildlar; 4 marta nashr etildi), “Uy-ro’zgor”, “Bolalar entsiklopediyasi” (3 marta nashr etildi), “Xotin-qizlar entsiklopediyasi” (3 marta nashr etildi), “Ish yuritish” (4 marta nashr etildi), “Islom entsiklopediyasi”, “Buyuk ipak yo’li” (rus tilida), “O’zbekiston Respublikasi” (rus, o’zbek va ingliz tillarida), “O’zbek ismlari izohli lug’ati”, “Neft va gaz bo’yicha entsiklopedik izohli lug’at”, “Fizikadan izohli lug’at”, “Tilshunoslik terminlari izohli lug’ati”, “Ruscha-o’zbekcha-xitoycha so’zlashgich”, “O’zbekcha-arabcha lug’at”, “Samarqandiya”, “Termiz tazkirasi”, “Ma’nolar maxzani” (O’zbek xalq maqollarining izohi) va boshqalar adabiyotlar, o’rta maktab, kasb-hunar kollejlari, tibbiyot maktablari uchun darsliklar bor. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi til va adabiyot instituti bilan birgalikda 4 jildli “O’zbek tilining izohli lug’ati” nashri ustida ish olib borilmoqda. 2004 yilda nashriyot 84 nomda, 1429,3 nashriyot hisob tabog’ida, 942,1 ming nusxada bosma mahsulot chiqardi. Murodjon Aminov.