Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy as-Samarqandiy

Ma’nosi

Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy as-Samarqandiy – (1095 (hijriy 488), Samarqand, Usmanda qishlog’i-1157) fiqh olimi. “Olamning ustuni” sifati bilan mashhur bo’lgan. Arab tilida ijod qilgan. U Najmiddin Umar Nasafiyning “Al-Manzuma fi ilm il-xilof” nomli kitobiga “Hasr ul-masoil va qasr ud-daloil” (“Muayyan masalalar va qisqa dalillar”) nomli sharh yozgan. Imom Sug’diy, Abulmafoxir Muhammad ibn Mahmud Sudaysiy allomaning mazkur asariga bitgan sharhlari bor. Abulfath Alouddin Muhammadning “Tariqat ul-xilof fi-l-fiqh bayn al-aimmat il-aslof” (“O’tgan allomalar o’rtasida fiqh ilmidagi ixtiloflar”) va “Bazl un-nazar fi-l-usul”) “Fiqh asoslariga chuqur nazar”) nomli asarlarida fiqh olimlarining qarashlari va fikr-mulohazalaridagi ixtiloflar bayon qilingan. Ushbu asarlar misrlik olim Muhammad Zakiy Abdulbarr tomonidan tadqiq etilib, Qohiradagi “Dor ut-turos” matbaasida nashr etilgan (1990, 1992). Abulfath Alouddin Muhammadning “Ta’liqa fi-l-fiqh” (“Fiqh ilmida izoh”) nomli ko’p jildli asari fiqh ilmining furu’ (tarmoqlari) masalalari haqida, “Al-Amoliy fi-t-tafsir” (“Tafsir ilmida imlo qilingan masalalar”) asari esa Qur’oni karimga bag’ishlangan tafsir sanaladi. “Lubob ul-kalom” (“Kalom ilmining javhari”)ning 2 qo’lyozma nusxasi bizgacha yetib kelgan bo’lib, ular Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi. Olimning fiqh bo’yicha “Muxtalaf ur-rivoya”, “Al-Mu’tarix va-l-muxtalif”, usul ud-din bo’yicha “Al-Hidoya fi-l-kalom (fi usul il-e’tiqod)” nomli asarlari mavjud. Misrning “Dor al-kutub al-misriyya” nomli kutubxonasida saqlanayotgan 297 varaqdan iborat qo’lyozmaning microfilm nusxasida: “Muxtalaf ur-rivoya” Muhammad ibn Abdulhamid ibn al-Husyan ibn al-Hasanga tegishli”, deb yozilgan. Asarning dastlabki betlari yo’q. Hanafiy fiqhiga oid yana boshqa bir qo’lyozmaning microfilm nusxasi “Mustafo Fozil” kutubxonasida saqlanmoqda. Abulfath Alouddin Muhammadning Muhammad Shayboninyning “Kitob al-jome’ al-kabir” (“Katta to’plam” kitobiga yozgan “Sharh ul-jomi’ al-kabir” (“Jomi’ al-kabir”ning sharhi”) nomli bir necha jildli asarining 1-jildi bizgacha yetib kelgan. U “Kitob ul-imon” (“Imon haqida kitob”), “Kitob un-nikoh” (“Nikoh haqida kitob”), “Kitob ush-shahodat” (“Shahodat kitobi”), “Kitob ul-qazo” (“Hukm kitobi”) kabi boblardan iborat. Asarning kotib Ahmad ibn Mahmud ibn Umar Samarqandiy tomonidan 1361 yilda ko’chirilgan nodir qo’lyozma nusxasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo’lyozmalari markazi fondida saqlanadi.

O‘xshash so‘zlar

A harfiga oid islomga oid ensiklopediya: barcha so‘zlar