O’ZLASHTIRMA GAP

O’ZLASHTIRMA GAP — sintaktik hodisalardan biri. O’zgalar gapining mazmuni saqlanib, grammatik shakli yoki gap qurilishi o’zgartirib berilishi O’zlashtirma gap hisoblanadi. Bunda muallif boshqalar gapining grammatik va ayrim leksik xususiyatlarini o’zgartirgan holda o’zlashtirib, hikoya qilib beradi. O’zlashtirma gap ko’chirma gapdan ohangi va ayrim fe’l shakllarining ishlatilmasligi bilan ham ajralib turadi. Ko’chirma gapda juda ko’p qo’llanadigan demoq fe’lining deb, dedi, deydi, degan edi kabi shakllari O’zlashtirma gapda deyarli qo’llanmaydi. O’zlashtirma gapda uning o’rnida ko’proq aytmoq, gapirmoq, ta’kidlamoq fe’llari ishlatiladi: O’qituvchi ona tilini yaxshi bilmasdan, boshqa fanlarni chuqur egallash mumkin emasligini ta’kidladi. Ko’chirma gap O’zlashtirma gapga aylantirilganda, ba’zan uning uslubiy xususiyatlari ham o’zgaradi. Ayniqsa, so’zlovchining nutq jarayoniga turli munosabatini ifodalovchi ayrim kirish so’zlar, undovlar; axir, xo’sh, ha, yo’q, xo’p, mayli kabi gap bilan bog’lanmagan elementlar, so’z-gaplar ko’pincha tushib qoladi: Xo’sh, qanday yangiliklar bor? — so’radi O’ktam. O’ktam qanday yangiliklar borligini so’radi. O’ndov gap, atov gap, ritorik so’roq gap kabilarni O’zlashtirma gapga aylantirib bo’lmaydi: Ana zamon! Ana hikmat! — dedi sak- son ota yayrab kulib. Eh, attang, attang, qanday beg’amlik! — dedi u jahli chiqib. Ko’chirma gap qanchalik murakkab tuzilgan bo’lsa, uni O’zlashtirma gapga aylantirish shunchalik qiyinlashadi.