O’ZBEKISTON TEATR IJODKORLARI UYUSHMASI
O’ZBEKISTON TEATR IJODKORLARI UYUSHMASI — sahna san’ati va uning ijodkorlarini birlashtiruvchi, teatr san’ati, sahna ijrochilik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi ijodiy jamoat tashkiloti. Dastlab (19-asrning 2-yarmi) “Musiqa uyushmasi”, “Xor jamiyati”, “Dramatik san’at havaskorlari uyushmasi” kabi nomlar bilan yuritilgan. Uyushma turli mamlakatlardan gastrollar uyushtirish, o’zbek spektakllariga tomoshabinlar jalb etish va boshqalar vazifalar bilan shug’ullangan. 1945 yilda “O’zbekiston teatr jamiyati” tashkil topdi. O’zbekistonda faoliyat yuritgan turli uyushmalar negizida ijodiy, targ’ibiy, tashkiliy, ijtimoiy tadbirlarni amalga oshirish, teatr madaniyatini rivojlantirish, sahna san’atini badiiy-g’oyaviy yuksaltirish, ijodkorlar mahoratini oshirish, O’zbekiston va jahon sahna san’ati arboblari muvaffaqiyatlarini targ’ib qilish, ko’rik va tanlovlar, dolzarb masalalar bo’yicha bahs, munozaralar o’tkazish va hokazo vazifalar yuklatildi. Shuningdek, sahna san’ati namoyandalari haqida kitob, albomlar nashr ettirish, san’atkorlar yubileyi, ijodiy va xotira kechalarini o’tkazish, unvon va mukofotlarga taqdim qilish, teatr rassomlari asarlarining ko’rgazmalarini uyushtirish ishlari bilan ham shug’ullanadi, Qoraqalpoq va viloyat teatrlari jamoalariga yaqindan yordam beradi. 1946, 1962, 1967, 1972, 1976, 1982 yillar O’zbekiston teatr jamiyati qurultoylari (I—VI) bo’lib o’tgan. 1987 yildan uyushma “O’zbekiston teatr arboblari soyuzi” nomi bilan yuritilgan. 1998 yildan hozirgi nomda. Uyushmani turli yillarda S.Eshonto’rayeva, O.Xo’jayev, Z.Muhammadjonov boshqargan. 1998 yildan “O’zbekteatr” ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi qoshida faoliyat yuritmoqda (raislari: 1998-2002 yillar M.Abduqunduzov, 2002 yildan Omonulla Rizayev). Bahriddin Nasriddinov.