BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTINING XAVFSIZLIK KENGASHI
BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTINING XAVFSIZLIK KENGASHI — BMTning asosiy doimiy ishlovchi siyosiy organi; BMT Ustavi 24-moddasiga binoan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab turish uchun asosiy javobgarlik BMT xavfsizlik Kengashi zimmasiga yuklatilgan. BMT Xavfsizlik Kengashining faoliyat doirasi BMT Ustavi (V—VII boblar) da anik, ko’rsatilgan va davlatlar o’rtasidagi nizolarni tinch yo’l bilan hal etish sohasida keng vakolatlar berilgan. U xalqaro to’qnashuvlarni yoxud nizolarni keltirib chiqarishi ehgimol tutilgan har qanday nizo yoki holatni tekshirish vakolatiga, tinchlikka har qanday taxdid va uni har qanday buzish yoki agressiya hollarini aniklash hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlab qolish yoxud tiklash yuzasidan tegishli tadbirlarni belgilash hamda tavsiyalar berish huquqiga egadir. BMTga a’zo 15 davlat: 5 doimiy va 10 muvaqqat a’zodan iborat. BMT Ustavi 23-moddasiga ko’ra, AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Xitoy va Rossiya BMT xavfsizligi Kengashi doimiy a’zolaridir. Muvaqqat a’zolar esa Bosh Assambleya tomonidan 2 yillik muddatga saylanadi, uning har bir sessiyasida 5 muvaqqat a’zo qayta saylanishi shart. Muvaqqat a’zolar o’rni quyidagicha taqsimlanadi: Osiyo va Afrika davlatlaridan -5 a’zo, Sharqiy Yevropa davlatlaridan— 1 a’zo, Lotin Amerikasi davlatlaridan—2 a’zo, G’arbiy Yevropa va boshqa davlatlar (Kanada, Avstraliya, yangi Zelandiya)dan—2 a’zo. BMT xavfsizlik Kengashiga a’zo har bir davlat unda bir vakilga ega bo’ladi. BMT xavfsizlik Kengashi uzluksiz ishlaydi, uning majlislari orasidagi tanaffuslar 2 haftadan oshmasligi shart. Mazkur majlislarda davlatlar vakili ingliz tilidagi rasmiy nomi bo’yicha alifbo tartibida bir oy mobaynida navbatmanavbat raislik qiladi. BMT Xavfsizlik Kengashi majlislari ochiq bo’ladi; uzrli sabablarga binoan Majlis yopiq deb e’lon qilingan hollar bundan mustasno.