BIRMINGEM
BIRMINGEM (Birmingham) Buyuk Britaniyadagi shahar. Uestmidlends metropoliten grafligining ma’muriy markazi (Markaziy Angliya). Aholisi 2,3 million kishi (1992, shahar atrofi bilan). Birmingem birinchi marta 11-asrga oid tarixiy manbalarda tilga olingan. 13-asrda o’zining yarmarkalari bilan shuhrat qozongan. 16-asrda metalldan ishlangan buyumlari bilan mashhur bulgan. 20-asr boshida harbiy zavodlar qurila boshlandi. 2-jahon urushi davrida shaharga ancha zarar yetgan. Birmingem sanoat shahri, muhim transport tuguni. G’arbiy Midlend iqtisodiy rayonining markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: mashinasozlik, jumladan avtomobilsozlik, metallsozlik, kimyo (asosan shina va plastmassa), elektrotexnika (“Jeneral elektrik”), rezina va xarbiy sanoat. Poligrafiya, rangli metallurgiya sanoati korxonalari ham bor. Zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi. Me’moriy yodgorliklaridan gotika uslubida qurilgan Sentmartin cherkovi (13-asr), ratusha (1832-52), Sentched sobori (1839— 41) va boshqalar saqlangan. Universitet (1900 yildan), texnika kollejlari, shaxar muzeyi, rasmlar galereyasi, nafis san’at instituti galereyasi bor.
BIRMINGEM (Birmingham) AQSh janubidagi shahar. Alabama shtatida. Appalachi tog’larining etagida joylashgan. Aholisi 266 ming kishi (1990). Blekuorrior daryosiga tutashgan kema qatnaydigan kanaldagi port. Temir yo’l va avtomobil yo’llarining yirik tuguni. Birmingem AQSh Janubidagi qora metallurgiya sanoatining muhim markazi. Asosiy metallurgiya zavodlari shahar atrofida joylashgan. Birmingem atrofida temir rudasi, kokslanuvchi kumir va flyus materiallar qazib chiqariladi. Og’ir mashinasozlik, kokskimyo, tsement, tuqimachilik, oziqovqat, ip gazlama, poligrafiya, mebel ishlab chiqarish sanoati va harbiy sanoat rivojlangan. Birmingemga 1871 yilda asos solingan. 2 universitet bor.