BIROBIJAN

BIROBIJAN — Rossiya Federatsiyasidagi shahar (1937 yildan), yahudiylar Muxtor viloyatining markazi. Amur daryosining Bira irmog’i sohilida. Temir yo’l tuguni. Aholisi 86,7 ming kishi (1992). Asosan yengil (tikuvchilik, trikotaj, poyabzal va boshqa fabrikalar), oziq-ovqat va yog’ochsozlik sanoati katta o’rin tutadi. “Dalselmash” qishloq xo’jalik mashinasozligi, kuchlanish transformatorlari zavodlari, tibbiyot va pedagogika hamda madaniy-maorif bilim yurtlari, teatr, o’lkashunoslik muzeyi bor.